4 mart kuni Vazirlar Mahkamasida bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligida O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining Covid-19 — koronavirusning mamlakat turizm sohasi rivojiga ta’sirini o‘rganish yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

Videoselektor tarzida o‘tgan tadbirda Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlari hokimlarining turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari va ushbu hududlardagi soha tadbirkorlari, Xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi, Otelerlar assotsiatsiyasi, Oshpazlar, Restoratorlar uyushmalari rahbarlari va a’zolari qatnashdi.

Yig‘ilish ishtirokchilari turizm sohasi sub’ektlari faoliyatida qayd etilayotgan zararlar, jumladan sayyohlik guruhlarini jalb qilish bilan bog‘liq muammolar hamda ularni tezkor hal qilish hamda ushbu yo‘nalishda qo‘shimcha imkoniyatlarni izlash, dolzarb muammolarga tezkor yechim topishga doir masalalarni muhokama qildi.

Turoperatorlar dunyoda koronavirusning ta’siri ostida yo‘qotishli kelishi kutilayotgan mavsum uchun soliq ta’tilini e’lon qilish hamda avia va temir yo‘l transporti chiptalari bekor qilinganligi uchun jarimalarni bekor qilishga oid takliflarini ilgari surdi.

Bundan tashqari, turoperatorlar vaqtincha bekor qilingan yo‘nalishlar tufayli bo‘sh turgan samolyotlarni koronavirusdan holi bo‘lgan Turkiya, Qozog‘iston kabi davlatlarga hamda ichki aviaqatnovlarga yo‘naltirishni taklif qilishdi. Bunda ular ushbu parvozlarni Toshkent bilan birga Samarqand, Buxoro va Urganch aeroportlari orqali ham amalga oshirish hamda Urganch va Buxoro shaharlarini kunlik aviaqatnovlar bilan bog‘lash imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni so‘rashdi.

Muhokamalar yakuniga ko‘ra, mutasaddi tashkilotlar tomonidan koronavirusning turizm sohasiga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha tegishli takliflar ishlab chiqilib, ularning hukumatga kiritilishi belgilandi.