Vazirlar Mahkamasi 6-mart kuni “O‘zbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarini rasmiylashtirish va berish tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarornii qabul qildi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.

Hujjatda qayd etilishicha, 2021-yil 1-yanvardan boshlab barcha yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga, O‘zbekiston fuqarolariga, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga va O‘zbekiston hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolariga biometrik pasport o‘rniga 10 yil muddatga hujjat egasining shaxsini va fuqaroligini tasdiqlovchi hujjat sifatida identifikatsiya ID-kartasi beriladi.

ID-kartalar faqat O‘zbekiston hududida amal qiladi. Chet elga chiqish uchun O‘zbekiston fuqarosining chet elga chiqish uchun biometrik (“zagranpasport”) pasporti beriladi.


“ID-kartalarni berish tizimli ravishda 2021-yil 1-yanvardan 2030-yil 1-yanvargacha mamlakat aholisi uchun qo‘shimcha yuklamasiz amalga oshiriladi”, — deyiladi xabarda.

2011-yildagi O‘zbekiston fuqarosining ilgari berilgan biometrik pasportlarini, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va chet el fuqarolarining yashash uchun ruxsatnomalarini almashtirish ularning egalarining iltimosiga binoan muddati tugagandan yoki muddatidan oldin amalga oshiriladi.

2030-yil 1-yanvardan boshlab 2011-yildagi O‘zbekiston fuqarosining biometrik pasportlari haqiqiy emas deb hisoblanadi.

“ID-kartalarni berish tizimiga o‘tish rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasini hisobga olgan holda amalga oshirilmoqda va fuqarolarni raqamli identifikatsiya qilish tizimini joriy etishni jadallashtiradi, fuqarolarning birlamchi ma’lumotlarini O‘zbekiston Respublikasi vazirlik va idoralarining axborot tizimlariga integratsiyalash jarayonini avtomatlashtiradi, aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonini osonlashtiradi va optimallashtiradi”, — deya ta’kidlaydi IIV axborot xizmati.