O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasida 6 mart kuni mamlakatning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) bilan hamkorligi yuzasidan olib borilgan tahliliy va kompleks baholash ishlari yakuni bo‘yicha xulosa va takliflarni Oliy Majlis palatalariga kiritishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, xabar berdi O‘zA.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yanvarda parlamentga yo‘llagan murojaatnomasida ushbu masala hukumat tomonidan parlament muhokamasiga kiritilishi va xalq vakillari bilan batafsil ko‘rib chiqilishini ma’lum qilgan edi. Bunda eng avvalo, xalq manfaatlaridan kelib chiqib, uning xohish-irodasiga tayanish lozimligini ta’kidlagan edi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi jahon iqtisodiyoti tizimiga integratsiyalashish, ayniqsa, hududiy jihatdan yaqin mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga bog‘liq. Iqtisodiy integratsiya mahsulotning raqobatbardoshligini oshirish, tannarxni pasaytirish, yangi texnologiyalar olib kelish, tranzit savdoni kengaytirish, bozor islohotlarini jadal rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorligini atroflicha o‘rganish va chuqur tahlil qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi va tegishli vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan iqtisodiy integratsiya masalasida mamlakat iqtisodiyotining yirik 16 tarmog‘ida o‘rganish ishlari olib borildi.

Yig‘ilishda mazkur masala bo‘yicha yetakchi mustaqil konsalting kompaniyalari va ilmiy-tadqiqot muassasalarining izlanishlari, xorijiy va mahalliy mutaxassislar tomonidan bildirilgan taklif va xulosalar ko‘rib chiqildi. Bunda O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorligi doirasidagi iqtisodiyotning yirik tarmoqlari, jumladan, sanoat, tashqi savdo siyosati, bojxona-tariflarini tartibga solish mexanizmi, mehnat migratsiyasi, standartlashtirish va veterinariya, sanitariya, fitosanitariya nazorati singari ko‘plab masalalar bo‘yicha ekspertlarning xulosalari o‘rganib chiqildi.

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti va YeOIIga integratsiya jarayonlari o‘zaro bog‘liqligi qayd etildi.

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlikning O‘zbekiston milliy iqtisodiyotiga ta’sirini kompleks o‘rganish natijasida tegishli vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshirilishi zarur bo‘ladigan chora-tadbirlar belgilandi hamda YeOII bilan kuzatuvchi-davlat maqomida hamkorlik qilish taklifi ma’qullandi.

Tahliliy va kompleks baholash ishlari asosida ishlab chiqilgan xulosa va takliflar Oliy Majlis palatalariga taqdim etiladi.