7 martdan boshlab Toshkentdagi 51- avtobus yo‘nalishida (Beshyog‘och-Yunusobod) Xitoyning Yutong elektrobusini sinovdan o‘tkazish boshlandi, deya xabar qildi «Toshshahartransxizmat» kompaniyasi matbuot xizmati.

O‘n ikki metrlik past polli ZK6128BEVG modeli o‘rtacha 70 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, bir martalik quvvat bilan (quvvatlash vaqti — oddiy tarmoqda 4−5 soat) 300 km va undan ortiqroq masofani bosib o‘ta oladi.

Uch eshikli elektrobus konditsioner va isitish, elektron yo‘nalish ko‘rsatkichlari, o‘rta eshikda qo‘lda tushiriladigan pandus hamda yopiq haydovchi kabinasiga ega.

Transport vositasi litiy-ionli batareyaga ega bo‘lib, kuchli issiq vaqtida akkumulyatorlarni intellektual boshqarish tizimi hamda batareya bo‘limida avtomat o‘t o‘chirish tizimi bilan ta’minlangan.

«Toshshahartransxizmat»dan qayd etilishicha, avtobus bir necha oy davomida sinovdan o‘tkaziladi. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, shahar hokimiyat o‘nlab elektrobuslarni sotib olishni rejalashtirmoqda.

Bunga qadar poytaxtda uch oy davomida «Belkommunmash» (Belarus) kompaniyasining Vitovt Electro E420 elektrobusi sinovdan o‘tkazilgan edi. Belarus mashinasi Yutong elektrobusidan farqli ravishda tezkor quvvatlash tizimi bilan jihozlangan, biroq harakat davomiyligi taxminan 30 km ni tashkil etar edi. Shuningdek, uning uchun maxsus quvvatlash stansiyalarini barpo etish ham talab qilinadi.