O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda maktablarda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat tufayli 15 mart kunidan boshlab ta’til e’lon qilinishi haqidagi xabarlarni rad etdi. Bu haqda vazirlik matbuot kotibi Anvar Umarov ma’lum qildi.

Uning aytishicha, o‘quvchilar o‘tgan yillarda bo‘lganidek, 21 mart kunidan navbatdagi ta’tilga chiqadi. Ta’til yetti kun davom etadi.

«Xalq ta’limi vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan muntazam aloqada. Shu bilan birga, Xalq ta’limi vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi maktablarda koronavirus tarqalishini oldini olishga qaratilgan chora tadbirlarni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shma qaror qabul qilgan», — deya ma’lumot berdi Umarov.

Ta’kidlanishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda koronavirus infeksiyasining oldini olish borasidagi tavsiyalarini posterlar shaklida chop etdi va ular maktablarga tarqatildi.

Matbuot kotibi vazirlik zaruriyat tug‘ilganda vaziyat rivojlanishi haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilib borishini ma’lum qildi.