O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati ikkinchi yalpi majlisda 15 kunlik muddat ichida to‘lanadigan jarimalar miqdoriga chegirma joriy etishni nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar hujjat prezident tomonidan imzolaganidan keyin kiritiladi, deya xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

MJTKning 332-moddasiga (jarima solish to‘g‘risidagi qarorni bajarish muddatlari va tartibi) kiritiladigan o‘zgartirish jarima to‘lash muddati qaror qabul qilingan kundan boshlab 15 kundan 30 kungacha uzaytirilishini anglatadi.

Avvalroq, Qonunchilik palatasi deputatlari joriy 15 kunlik muddatning juda qisqa ekanligini ta’kidlashgan edi. Ularning fikricha, aksariyat fuqarolarning oyiga bir marta oylik olishini inobatga olgan holda, jarimani to‘lash moliyaviy qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Taqqoslash uchun, Rossiyada jarimani to‘lash muddati 60 kun, Qozog‘istonda — 30 kun, deya ta’kidlagan edi parlament vakillari.

Bundan tashqari, kodeksga yangi 332−1-moddani (jarimani to‘lashning soddalashtirilgan tartibi) joriy etish rejalashtirilgan bo‘lib, unga ko‘ra huquqbuzar jarimaga tortish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan kundan 15 kun ichida jarimaning 70 foizini to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinadi.

Shu bilan birga, soddalashtirilgan tartib sud ma’muriy huquqbuzarlik uchun jarima solgan, jarima solish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat bergan yoki protest bildirgan, shuningdek ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin bir yil ichida xuddi shu huquqbuzarlikni qayta sodir etgan hollarda qo‘llanilmaydi.

O‘tgan davrda ichki ishlar organlari tomonidan solingan jarimalarning ixtiyoriy ravishda to‘langan ko‘rsatkichlari baland emasligi ma’lum bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich 2017 yilda 43 foizni, 2018 yilda esa 55 foizni tashkil etgan.

Xorijiy mamlakatlar qonunchiligida (Angliya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Rossiya, Qozog‘iston kabi) huquqbuzar jarimaning 70 yoki 50 foizini qonunchilikda belgilangan muddatda (joyning o‘zida yoki 7, 15, 20 yohud 21 kunda) to‘lasa jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinishi belgilangan.