2020 yilning barcha uchun quvonchli yangiligidan biri — propiska tizimining bekor qilinishi bo‘ldi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatida joriy yilning 1 apreliga qadar propiska tizimini isloh etish taklifini bildirgandi.

Parlament va hukumat vakillari davlat rahbarining murojaatnomasidan so‘ng mavjud propiska tizimini ochiq tanqid qila boshladi. Shavkat Mirziyoyevning qat’iy siyosiy irodasi ommaga e’lon qilinguncha, amaldorlar bu haqda rasman tanqidiy fikr bildirmagan. Aksincha, propiska talablarini qiyinlashtirishni ko‘zda tutuvchi hujjat loyihasi muhokama uchun e’lon qilingandi.

Shunga qaramay, Ichki ishlar vazirligi propiska tizimini isloh etishga xayrixoh ekanini yashirmagan. O‘tgan yili IIV matbuot xizmati rahbari Shoxrux G‘iyosov tizim bekor qilinsa, soha xodimlari ishi ancha yengilab qolishi aytgan. U vazirlik propiskani saqlab qolishga intilmasligini ta’kidlagandi.

Oliy Majlis deputati bo‘lgan Ibrohim Hojiyev propiska tizimi yo‘qolishiga ishora qilib, jurnalistlarga fikrini bildirgandi.

«Shaxsiy fikrimni bildiradigan bo‘lsam, bu noto‘g‘ri, — dedi deputat Ibrohim Hojiyev. — Shaxsan o‘zimga va boshqa ko‘p deputatlarga ham aynan shu masalada juda ko‘p murojaatlar kelib tushadi. Sizni ishontirib aytaman, bu masala ham tartibga solinadi. Shu muammo yuzasidan ish olib borayotgan ishchi guruh tarkibida deputatlar ham bor. Bu masala shunday qolmaydi, o‘zgarish bo‘ladi. Albatta bu vaqt talab qiladi, lekin uzoq kutmaysizlar. Bosqichma-bosqich tartibga solinadi. Bu bo‘yicha belgilangan topshiriqlar bo‘lgan».

Vanihoyat, prezident imzolagan 2020 yilgi Davlat dasturida mazkur vazifa aniq belgilandi. Endi buyog‘i vaqt va ishchi guruhning mehnatiga bog‘liq. Ammo propiska o‘rnini nima egallaydi? U batamom yo‘q bo‘ladimi yo boshqa so‘zlar bilan ifodalanadigan propiska tizimi saqlanib qoladimi? Shu savollarga javob topish uchun IIV mutasaddilari bilan suhbatda bo‘ldik.

IIV boshqarma boshlig‘i Ulug‘bek Muhammedov «Gazeta.uz»ga fikrini bildirib, прописка o‘rnini registratsiya, ya’ni qayd etish egallashini aytdi.

«Bu ikkisining o‘rtasida asosiy farq — ularning xarakterida: propiskaga doim ruxsat beruvchi talab sifatida qaralgan. Masalan, propiska bo‘lsagina boshqa ishlarga ruxsat berilgan. Registratsiya esa ogohlantiruvchi xarakterda bo‘ladi. Misol uchun, kishi yashash joyini o‘zgartirsa, yangi manzilini bildirib qo‘yadi. Pochta va to‘lovlar yuborish uchun ham bu muhim», — dedi u.

IIVda yuqori lavozimda ishlaydigan amaldorning aytishicha, qayd etish tizimi ishga tushgach, uch xil yo‘l bilan registratsiyadan o‘tish mumkin bo‘ladi. Birinchisi — IIB organlari orqali, ikkinchisi — Davlat xizmatlari agentligi hamda uchinchisi — maxsus mobil ilova orqali. Albatta, ushbu takliflar ustida hali ish olib borilmoqda, ular rasman tasdiqlanmagan.

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Aziz Ikromov propiska tizimida to‘siqlar mavjud bo‘lganiga qaramay, 2011 yildan hozirga qadar Toshkent viloyatida 76 mingdan ziyod, Toshkent shahrida esa 200 ming fuqaro doimiy propiskaga o‘tganini bildirdi.