Olimjon Botirovich Isayev Namanganning yangi hokimi bo‘ldi. Uning nomzodi juma kuni bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tasdiqlandi, deya xabar qildi shahar ma’muriyati matbuot xizmati.

Olimjon Isayev (1972 y. t.) — Toshkent davlat agrar universiteti va Namangan davlat universiteti bitiruvchisi. «Ifoda agro kimyo himoya» korxonasi direktori bo‘lib ishlagan, shuningdek, Namangan viloyat fermerlar kengashi va «Mexmash» kompaniyasi kuzatuv kengashiga rahbarlik qilgan.

Bunga qadar 2018 yil may oyidan buyon «O‘zagrokimyohimoya» boshqaruvi raisi lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.

Namanganning avvalgi hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov nomzodi 5 mart kuni Qonunchilik palatasi tomonidan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi lavozimiga ma’qullandi.