O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan bir guruh mahkuma ayollarni afv etish to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Farmonga muvofiq jazo muddatini o‘tayotgan 83 nafar ayollar afv etildi.

Davlat rahbarining tashabbusi doirasida prezident huzuridagi Afv etish masalalari bo‘yicha komissiya va boshqa mutasaddi idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tashkil etilib, bevosita joylarga chiqqan holda mahkuma ayollarning shaxsini o‘rgandi va ular bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazdi.

O‘tkazilgan tadbir yakuni bo‘yicha komissiyaning adashib, bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, hozirgi vaqtda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh mahkuma ayollarni afv etish haqidagi taklifi prezident tomonidan ma’qullandi.

Afv etilgan ayollarning 12 nafari jazodan to‘liq ozod qilinadi, 29 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinadi, 17 nafariga tayinlangan jazo yengilroq jazo bilan almashtiriladi. Bir so‘z bilan aytganda, 58 nafar ayol jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinmoqda. Shuningdek, 25 nafar mahkuma ayolga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartiriladi.

Afv etilganlarning 7 nafarini chet el fuqarolari tashkil etadi.