O‘zbekiston Xalqaro xususiy huquq bo‘yicha Gaaga konferensiyasi (XXHGK)ga qo‘shildi, deya xabar qildi Adliya vazirligi matbuot xizmati. 4 mart kuni Niderlandiyada O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirokida mamlakatning a’zo bo‘lishi jarayoni yakunlandi va ushbu tashkilotga rasman a’zo bo‘ldi.

Xalqaro xususiy huquq bo‘yicha Gaaga konferensiyasi shu kungacha o‘zida 83 ishtirokchini jamlagan bo‘lib (82 davlat va Yevropa ittifoqi), endilikda unga Dominikan va O‘zbekistonning ham a’zo bo‘lishdi va a’zolar soni 85 taga yetdi.

Adliya vazirligining qayd etishicha, O‘zbekiston uchun, xususan, uning fuqarolari uchun XXHGKga a’zo bo‘lishdan quyidagi manfaatlar yuzaga kelishini aytib o‘tish mumkin:

1. Xalqaro-huquqiy yordam tizimi soddalashadi va osonlashadi.

2. Xalqaro-huquqiy yordam ehtiyojiga uchragan fuqarolarga kengroq imkoniyatlar yaratiladi.

3. Fuqarolik-huquqiy sohaga oid xalqaro nizolar samarali, tez va kam xarajat bilan bartaraf tiladi.

4. Milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotiga ijobiy ta’sir bo‘ladi.

5. O‘zbekistonda xalqaro xususiy huquq ilmining rivojlanishiga yordam beradi.

Bular bilan bir qatorda mazkur xalqaro tashkilot faoliyatida O‘zbekistonning to‘laqonli a’zo sifatidagi faoliyati kelajakda qabul qilinadigan xalqaro hujjatlarda bizning milliy manfaatlarimizni ham aks ettirish imkonini yaratadi.

O‘zbekiston shu kungacha uchta Gaaga konvensiyasiga a’zo bo‘lgan. Xususan, Fuqarolik jarayoni masalalari bo‘yicha konvensiya (1954), Chet el rasmiy hujjatlarini legallashtirish talabini bekor qiluvchi konvensiya (1961), Xalqaro bolalarni o‘g‘irlashning fuqarolik jihatlari bo‘yicha konvensiya (1980).