Korporativ transformatsiyalar bo‘yicha Osiyo taraqqiyot banki maslahatchisi Arild Dirsert O‘zbekistonda tabiiy gaz narxining pastligi soha rivojiga to‘siq ekanini qayd etdi. Uning «O‘ztransgaz» kompaniyasi axborot xizmatiga bergan intervyusida shu haqda ta’kidlangan.

«Tabiiy gaz uchun ichki narxning past ekani gazdan samarasiz ko‘p foydalanishni rag‘batlantirmoqda va gaz yetkazib berish uchun talab etiladigan investitsiyalar, gazotransport tizimni xavf ostiga qo‘ymoqda. Bu vaziyat eskirgan gazotransport infratuzilmasini bugun zudlik bilan zamonaviylashtirishni talab etadi», — deya fikr bildirgan norvegiyalik mutaxassis.

Arild Dirsertning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston hukumati mamlakatdagi tabiiy gaz sektori manfaatdor tomonining roli va strukturasini sohaga moslashtirib borsa, erkin gaz bozorida kuzatilganidek, mamlakatning o‘ziga foyda bo‘ladi. Shuningdek, tabiiy gaz sektorida o‘sish bo‘ladi.

Arild Dirsert «O‘ztransgaz» moliyaviy barqarorligi va rivojlanishi uchun kompaniya xizmat funksiyalari bo‘yicha bo‘linishi zarurligini aytdi. U gaplarini qayta tashkil etilgan «O‘zbekneftgaz» misolida tushuntirdi. Qolaversa, gaz qazib chiqaruvchilar o‘z mahsulotini erkin bozorda sotish imkoniyatiga ega bo‘lishi ta’kidlandi.

«Gazeta.uz»ning hukumatdagi manbasi mutaxassisning fikri tez orada tabiiy gaz narxi yana oshirilishiga ishora qilishini aytdi. Uning bildirishicha, O‘zbekiston gaz uchun ichki narxni jahon bozori darajasiga yetkazmay, investorlarni jalb etishi pirovard maqsadga yetishtirmaydi. Negaki, investor quyi narxlar bilan kiritgan sarmoyadan foyda ko‘rmaydi.

Hukumat qaror loyihasida 2020−2025 yillarda O‘zbekistonda tabiiy gaz zaxiralarining ortishi 361 mlrd kub metrga, neft esa 20,4 million tonnaga yetishi mumkinligi bildirilgandi. Shuning bilan, hukumat Markaziy Osiyoda gaz habini yaratish va birja bozorini rivojlantirishni ko‘zlagan.

Ammo bosh prokuror Nig‘matulla Yuldashev ma’lumoti bo‘yicha, bir hafta davomida 41ta holatda 28 mlrd so‘mlik (2,94 mln dollar) tabiiy gaz talon-toroj qilingani aniqlangan. Ya’ni soha bir vaqtning o‘zida korrupsiya, talon-toroj qilishlar hamda samarasiz boshqaruv tizimi bilan kurashmoqda.

Oxirgi marta tabiiy gaz uchun ichki narx 2019 yil 15 avgustda oshirilgan. Ayni paytda aholiga yetkazib berilayotgan 1 kub metr tabiiy gazning bahosi hisoblagich bo‘lganda 380 so‘mni tashkil etadi. Hisoblagich bo‘lmaganda ovqat pishirish yoki sovuq suvni isitish uchun ishlatiladigan gazning narxi 660 so‘m, xonani isitish uchun esa 380 so‘m etib belgilangan.