«Yuksalish» umummilliy harakati raisi o‘rinbosari va O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov hukumatga dori vositalari va tibbiy niqoblarni eksport qilishni ta’qiqlashni taklif qildi.

Liberal-demokratik partiya (O‘zLiDeP) fraksiyasi deputati ortiqcha vahimaga hojat yo‘qligini, lekin yangi koronavirus bilan kasallanish holatlari 70 dan ziyod davlatlarda tasdiqlangani hamda kasallanganlar soni 100 mingga yaqinlashib qolganini ta’kidladi.

U globalizatsiya sharoitida virusdan izolyatsiyada qolish imkoniyati mavjud emasligi tobora oydinlashib borayotganini ma’lum qildi. Deputat fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida quyidagi takliflarni ilgari surdi:

  • ommaviy tadbirlarni o‘tkazishni cheklash, bolalar va yoshlar ishtirokida ommaviy tadbirlarni ta’qiqlash;
  • transport qatnovlari cheklangan yoki yo‘lovchilarini karantinga olish nazarda tutilgan davlatlar ro‘yxatini keskin kengaytirish;
  • virus bilan kurashishga ko‘maklashuvchi dorilar va shaxsiy himoya vositalari (maskalar, respiratorlar) eksportini taqiqlash va zarur bo‘lsa xavfsiz davlatlardan importini qo‘llab-quvvatlash;
  • farmatsevtika bozorini qat’iy nazoratga olish, virusdan himoyalanish va davolash vositalari narxining spekulyativ oshishiga yo‘l qo‘ymaslik;
  • yangi koronavirusning oldini olish bo‘yicha TIV, SSV va Investitsiya vazirlari ishtirokida parlament eshituvini o‘tkazish;
  • bog‘cha va maktablarda kasallanish xavfining oldini olishga qaratilgan choralarni kuchaytirish.

Avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesus COVID-19 koronavirusining o‘limga olib kelishi darajasini 3,4 foiz ekanini ma’lum qilgan edi. Bu ko‘rsatkich mavsumiy grippda bu 1 atrofidani tashkil etadi.

Rossiya va Germaniya niqob va respiratorlarni mamlakatdan olib chiqishni taqiqladi. Fransiya hukumati esa aholini himoya maskalari bilan ta’minlashni nazoratga oldi. Jahon Banki ushbu virus bilan kurashish uchun 12 millard dollar mablag‘ ajratishini ma’lum qildi.