Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzurida Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi tashkil etiladi. Bu hukumatning 3 martdagi qarorida ko‘zda tutilgan, deya xabar qildi O‘zbekiston Adliya vazirligi.

Davlat xizmatchilari va aholining nutq madaniyati hamda notiqlik mahoratini oshirish, davlat tilida ish yuritish bo‘yicha kurslar tashkil etish markazning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

Markaz va uning hududiy bo‘linmalarida vazirlik va idoralar, hokimliklar va xo‘jalik birlashmalari xodimlari pulli shartnoma asosida o‘qitiladi.

Ishdan ajralgan holda ta’lim olayotgan tinglovchilarning asosiy ish joyidagi lavozimi va o‘rtacha oylik ish haqi saqlanadi.

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab:

davlat universitetlari va pedagogika institutlarida o‘zbek tili va adabiyoti bakalavriat yo‘nalishida sirtqi va kechki ta’lim shakli tashkil etiladi;

universitetda"Sinxron tarjima" va «Kompyuter lingvistikasi» magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.

Shuningdek, 2020 yildan boshlab «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiyasi tanlovlarini o‘tkazishda o‘zbek tili metodikasi sohasi inobatga olinadi.