«O‘zavtosanoat» va Volkswagen Group Rus «Jizzax» erkin iqtisodiy zonasida Jizzax avtomobil zavodi negizida yengil tijoriy avtomobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi.

«O‘zavtosanoat» matbuot xizmatining xabar qilishicha, zavodda to‘liq sanoat sikli asosida Volkswagen konsernining yo‘lovchi va yuk tashishga mo‘ljallangan bir nechta yengil tijorat avtomobillari modellari ishlab chiqariladi.

Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 20 ming donani tashkil etadi.

Volkswagen Group Rus yangi ishlab chiqarish texnologiyalari va jarayonlarini taqdim etib, xodimlarni o‘qitishni ham zimmasiga oladi. Zavod Volkswagen konsernining ishlab chiqarishni boshqarish, sifat, xaridlar, yetkazib berish va sotish sohasidagi standartlari bo‘yicha ishlaydi.

Korxona milliy avtomobil butlovchi qismlari ishlab chiqaruvchilarini jalb etgan holda muayyan mahalliylashtirish darajasiga erishishni maqsad qilmoqda. Shu maqsadda «O‘zavtosanoat» tarkibidagi 30 ga yaqin yirik hamda 160 dan ortiq kichik va o‘rta biznes korxonalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Tomonlar 2020 yilda Volkswagen Caddy modelini ishlab chiqarish va sotishni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida kelishuvga erishdi. Ushbu model ikki modifikatsiyada taqdim etiladi: yetti o‘rindiqli yo‘lovchi universali hamda yuk tashishga mo‘ljallangan furgon.

Avtomobil 110 ot kuchiga ega 1,6 litr sig‘imli tejamkor benzin motori bilan ta’minlanadi. Benzin sarfi 100 km. da shahar ichida 9,3 litr, katta yo‘lda esa 6,1 litrni tashkil etadi.

Kelgusida tomonlar Volkswagen Group konsernining boshqa modellarini ham ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.

Volkswagen O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarishni rejalashtirayotgani haqida o‘tgan yilning may oyida ma’lum bo‘lgan edi.

Volkswagen Group Rus — VolkswagenAG`ning sho‘’ba korxonasi. U Rossiya bozorida konsernning yettita brendi — Volkswagen, Audi, ŠKODA, Bentley, Lamborghini, Ducati yengil va tijoriy avtomobillarini ishlab chiqaradi. 2019 yilda Volkswagen Group Rossiya bozorida 233,6 mingta avtomobil sotdi.