2 mart kuni Toshkentning Sirg‘ali tumanida 329 va 330-sonli ikkita umumta’lim maktabi ochilishi bo‘lib o‘tdi. Har bir maktabga yaqin atrofdagi mahallalardan 1680 nafardan bola qabul qilinadi, ular ilgari bilim olish uchun uzoq joylardagi maktablarga qatnashga majbur edilar.Maktablarda ta’lim davlat tilida olib boriladi. O‘qituvchilar bo‘lgan taqdirda boshqa tillardagi sinflar tashkil etilishi mumkin.

Hozirda bolalarni muassasalarga qabul qilish davom etmoqda. 329-sonli maktabga 1600 dan ortiq, 330-maktabga esa 1000 dan ortiq arizalar qabul qilindi, deya xabar berdi Xalq ta’limi vazirligi (XTV) matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Ochilish marosimida xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov hamda Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ishtirok etdi.

Sherzod Shermatov va Jahongir Ortiqxo‘jayev maktabni ko‘zda kechirmoqda.

Poytaxt ma’muriyati rahbari so‘nggi yillarda Sergeli tumanida 100 ming kishi istiqomat qiladigan 394 ta ko‘p qavatli uy qurilganini ta’kidladi.

2019 yilda Sirg‘ali tumanida yashaydigan bolalar uchun to‘rtta maktab qurilishi boshlandi. Ulardan ikkitasi hali ochilgani yo‘q. Yangi maktablar O‘zbekistonda so‘nggi yillarda qurilgan eng yirik o‘quv muassasalariga aylandi. Ularni qurish jarayonida prezident maktablarini barpo etish tajribasidan foydalanildi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yangi maktablarda yosh mutaxassislar uchun 438 ish o‘rni yaratiladi.

Har bir maktabda 48 ta sinf xonasi mavjud, ulardan 20 tasi fan sinflari, 14 tasi boshlang‘ich sinflar va 14 tasi chet tillarini o‘rganishga mo‘ljallangan. Bundan tashqari, maktablarda informatika, to‘garaklar mashg‘ulotlari uchun xonalar, kimyo, fizika va biologiya laboratoriyalari, musiqa, texnologiya darslari xonalari, 40 o‘rinli elektron kutubxona va 200 o‘rinli majlislar zali mavjud.

Kimyo xonasi.

Maktablarda ikkitadan sport zali, futbol, basketbol va voleybol maydonchalari, bepul stomatologiya kabineti va zamonaviy kasbga yo‘naltirish auditoriyalari mavjud. Har bir xonada maqsadidan qat’i nazar, qo‘l yuvish chanoqlari va yozuv taxtalari mavjud.

«Ushbu maktablarda ta’lim sifatini ta’minlash uchun ko‘p yillar davomida maktablarda samarali ish olib borgan va pedagogik jamoalar hurmatini qozongan nomzodlar tanlandi», — deyiladi XTV xabarida.

O‘qituvchilar 26−27 fevral kunlari Xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida o‘tkazilgan test sinovlari natijalariga ko‘ra tanlandi.

Maktablar qurilishi Toshkentning ushbu qismida ko‘p qavatli uylar barpo etilishi munosabati bilan Sirg‘ali tumanida ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish rejasida ko‘zda tutilgan edi. Sherzod Shermatovning ta’kidlashicha, bunday maktablar bosqichma-bosqich mamlakatning barcha hududlarida ham tashkil etiladi.

«Sizning sa’y-harakatlaringiz bizni mana shunday maktablarni barpo etishga rag‘batlantiradi», — dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev maktab o‘quvchilariga.

Zamonaviy maktablar qurilishi prezidentning tegishli farmonida nazarda tutilgan. Hujjatga ko‘ra, «zamonaviy maktablar» «ilg‘or me’moriy yechimlar va energiya tejaydigan texnologiyalar» asosida qurilgan.

2020−2022 yillarda O‘zbekiston investitsiya dasturi doirasida markazlashtirilgan investitsiyalar, xalqaro moliya institutlari va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan maktablar qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va jihozlash uchun 4 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.

1 martdan boshlab davlat umumta’lim maktablarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash yangi tasdiqlangan loyiha doirasida amalga oshirildi. XTVdan «Gazeta.uz»ga xabar qilinishicha, yaqin kelajakda maktablarni qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha namunaviy loyihalar e’lon qilinadi.

Foto