«O‘zneftgazinspeksiya» yanvar oyida neft mahsulotlarini realizatsiya qilishda mintaqaviy neft bazalari tomonidan 24 mlrd so‘mlik qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilganini aniqladi, deya xabar qildi O‘zbekiston Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Xususan, «Taxiatosh neft bazasi» MCHJ (Qoraqalpog‘iston Respublikasi) va mazkur korxona filiallarida neft mahsulotlarining yetishmovchiligi, sifati buzilganligi va talon-taroj qilinganligi aniqlandi. Keltirilgan zararning umumiy miqdori 1264 tonna (9,7 mlrd so‘m)ni tashkil etdi.

Bundan tashqari, O‘zneftgazinspeksiya tomonidan «Qarshi neft bazasi» MCHJda ilgari o‘tkazilgan tekshiruvlarga ko‘ra, 11,5 mlrd so‘mlik
4333 tonna
hajmdagi neft mahsulotlari va yoqilg‘i moylash mahsulotlari sifatiga nomuvofiqligi, tanqisliklar hamda hisobdan chiqarilish holatlari aniqlandi.

Shuningdek, «Paxta neft bazasi» MCHJda o‘tkazilgan tekshiruvlar natijalariga ko‘ra, 2,7 mlrd so‘mlik 143 tonna miqdorida neft mahsulotlarining tanqisligi, sifati buzilishi, savdo va kommunal xizmatlar bilan bog‘liq qoidabuzarliklar aniqlandi.

Yuqorida keltirilgan holatlar bo‘yicha jinoiy ishlar qo‘zg‘atilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.