Namangan viloyati Uychi tumanining Axsi shaharchasida istiqomat qiluvchi aholi O‘zbekistonga aylanma yo‘llar bilan kirib kelgan xitoylik ishchilarning koronavirusga qarshi karantinga olinmaganidan norozi, deb xabar bermoqda Mening Yurtim telekanali muxbiri.

«Hududda terini qayta ishlash korxonasi bor. U yerda Xitoydan kelgan ishchilar bir necha yillardan beri mehnat faoliyatini davom ettirib kelmoqda. Xitoylik xodimlar ta’til uchun o‘z davlatiga qaytib ketishgandi, qariyb bir oydan ortiq muddatda ish joyiga qaytishadi. Aholini tashvishga solgan holat esa ishchilarning maxsus nazoratga olinmaganidir», — deyiladi xabarda.

Mahalliy aholi vakillari muxbirga xitoylik ishchilarning 24 fevralda O‘zbekistonga kirib kelgani, shunday buyon karantinga olinmaganidan noroziligini bildirgan.

O‘zLiDep Namangan viloyati kengashi tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, xalq deputatlari Namangan viloyat Kengashi a’zosi Turg‘unova, tuman hokimi Apaqov va mutasaddi idoralar vakillari ishtirokida ishchi guruh zudlik bilan tuzilib, Yuksalish MFY o‘rganish ishlarini olib borgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Xitoydan Dubay orqali Toshkentga parvoz qilgan xitoyliklar kerakli tekshiruvlardan o‘tib, ularga nisbatan tibbiy xavfsizlik choralari ko‘rilgan.

Foto: O‘zLiDep Namangan viloyati kengashi.

Partiya axborotida keltirilishicha, «yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar tushunmovchilik, shoshma-shosharlik bilan ko‘pchilik xavotirga solingani, turli shov-shuv va mish-mishlar tarqab ketganidan xijolatda» ekanliklarini bildirgan.

Tumandagi ishchi guruh hududdagi ochiq suv havzalari, aholi xonadonlarida foydalanilayotgan mahalliy quvurli quduq suvlaridan sanitariya-gigiyenik va sanitariya-bakteriologik jihatdan tekshirish uchun suv namunalari ham olinib, tekshirilgan.

Ta’kidlanishicha, «Eksam enerji», «Nafis charm» MCHJlarida faoliyat ko‘rsatayotgan, XXRdan hududga kelgan fuqarolar viloyat va tuman SEOM mutaxassislari, hududiy QVP xodimlari tomonidan tibbiy kuzatuvdan o‘tkazilib, zaruriy laboratoriya namunalari olingan. Ular kelgan kunidan boshlab 14 kunlik tibbiy nazorat tashkil etilgani, salomatligi yaxshi ekanligi, hech qanday shikoyati yo‘qligi ma’lum bo‘ldi.

3 mart kungi holatga muvofiq, Sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus infeksiyasi O‘zbekistonga kirib kelganligi haqida tarqalgan xabarlar asossiz ekanligi haqida xabar berdi.

Hukumat infeksiya kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida koronavirus bilan bog‘liq vaziyat keskinlashgan davlatlar bilan aviatashuvlarni bekor qilmoqda.