1 apreldan boshlab Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulkni olishda O‘zbekiston fuqarolari uchun ushbu hududlarda doimiy propiskaga ega bo‘lish talab qilinmasligini ko‘zda tutuvchi tartib joriy etiladi. Prezidentning 2 martdagi farmonida bu haqda so‘z boradi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda doimiy yashovchi va respublikaning boshqa mintaqalarida doimiy propiskaga ega bo‘lgan fuqarolar tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi yangi qurilgan uylarda ko‘chmas mulk oldi-sotdisi shartnomalarini rasmiylashtirish uchun davlat bojining alohida stavkasini bekor qilinadi.

1 aprelga qadar qonun hujjatlariga mazkur banddan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi. Jumladan, doimiy propiskaga qo‘yishda Uy-joy kodeksining bir kishi uchun turar-joy maydonining ijtimoiy normasi to‘g‘risidagi qoidalariga rioya etish bo‘yicha talablarni nazarda tutadi. Eslatib o‘tamiz, bir kishi uchun turar-joy maydonining ijtimoiy normasi 16 kv. m. dan, nogironlik aravachasida harakatlanadigan insonlar uchun esa 23 kv. m. dan kam bo‘lmasligi kerak.

Bundan tashqari, propiskaga qo‘yish bilan bog‘liq jarayonlar va ularni «yagona darcha» tamoyili asosida amalga oshirish mexanizmlarini raqamlashtirish belgilandi.

Farmonda O‘zbekistonda 2030 yilgacha urbanizatsiyani rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishda respublika aholisi uchun Toshkent shahri bilan bir qatorda qo‘shimcha ravishda «o‘ziga tortuvchi markazlar»ni yaratish maqsadida tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatga ega eng yirik shaharlarni belgilash topshirildi. Hududlarda oliy ta’limning talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarida o‘qitishni tashkil etish, shu jumladan, Toshkent shahrida joylashgan yetakchi oliy ta’lim muassasalarining filiallari ochiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev propiska tizimini isloh qilish masalasini parlamentga murojaatida tilga olgan, ushbu muammo 30 yil davomida o‘z yechimini topmaganini ta’kidlab o‘tgan edi.

Bunga qadar amalda bo‘lgan tartibga ko‘ra, uch yilgacha oldin qurilgan yangi turar joy binosida har qanday narxda uy xarid qilganlar notarial shartnomada ko‘rsatilgan mablag‘ning 5 foizi, biroq EKIHning 10 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda davlat bojini to‘lagan holda Toshkentda propiska olishi mumkin edi.