3 mart kuni Qashqadaryo viloyat hokimligida kengaytirilgan tarkibda o‘tkazilgan yig‘ilishda Mirishkor tumani hokimi Baxtiyor Rajabovning audioyozuvi va Yakkabog‘ tumanidagi fermer ishchilari o‘rtasida nizolar muhokama qilindi. Tadbirda ishtirok etgan viloyat hokimi Zoir Mirzayev hodisalarga o‘z munosabatini bildirdi.

«Ish faoliyatimizning ko‘p qismi hokimlar va rahbarlarni tartibga chaqirish bilan o‘tib ketyapti. Mirishkorning zo‘ravon hokimi o‘z hatti-harakati bilan viloyat nomiga dog‘ tushirdi. Biror bir hokimda yaxshi tashabbus ko‘rmaymiz, odamlarning turmush-tarzini yaxshilash maqsadida ular taklif ham bermaydi. Afsuski, zamon o‘zgarayotganini siz rahbarlar sezmayapsizlar», — deya Nasafnews manbasi Zoyir Mirzayev so‘zlaridan iqtibos keltirildi.

Shuningdek, Mirzayev Yakkabog‘dagi fermer ishchisi ayollar ustiga kerosin sepib, yoqib yuborishga urinishi bilan bog‘liq holatni rahbarlarning uquvsizligi bilan bog‘lagan va tumanning ayrim mutasaddilari adolatsiz qaror chiqarganini tanqid qilgan.

Yig‘ilishda viloyat hokimi Mirishkor tumani hokimi Baxtiyor Rajabovning xatti-harakati Reglament va odob komissiyasi va deputatlar ishtirokida muhokama etilishi lozimligini ham aytib o‘tdi.

2 mart kuni viloyat hokimligi axborot xizmati tarqatgan bayonotda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audioyozuv aynan tuman hokimi Rajabovga tegishli ekani bildirilgandi. Hozirda mazkur holat viloyat prokuraturasi nazorati ostida tuman prokuraturasi tomonidan o‘rganilmoqda.