2020/2021-o‘quv yilidan boshlab respublika oliy ta’lim muassasalari talabalariga o‘quv yili davomida teng ulushlarda kamida to‘rt marotaba o‘qish uchun to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati taqdim etiladi. Bu haqda prezidentning 2 martdagi farmoni bilan tasdiqlangan 2020-yilgi davlat dasturida so‘z boradi.

Bundan tashqari, 2020/2021-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga davlat granti (“byudjet”) asosida o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat buyurtmasi parametrlari bosqichma-bosqich ikki baravarga oshirilishi belgilandi.

2020-yilda kamida 5 ta oliy ta’lim muassasasi konkurs asosida tanlab olinib, nufuzli xorijiy oliy ta’lim dargohlari bilan hamkorlikda transformatsiya qilinadi.

Shuningdek, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti va Toshkent davlat pedagogika universitetida tajriba tariqasida bosqichma-bosqich masofaviy o‘qitish shakli joriy etiladi. Tajriba yakunlariga ko‘ra, masofaviy ta’lim keyinchalik mamlakatning boshqa oliy ta’lim muassasalariga ham joriy etiladi.

Hujjatda ma’lumotlar haqidagi fan, ulkan ma’lumotlar, sun’iy intellekt kabi yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlashni nazarda tutgan holda, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va raqamli iqtisodiyot sohasidagi o‘quv dasturlari qayta ko‘rib chiqilishi belgilandi.

Umumiy o‘rta ta’lim sohasida esa 1-sentyabrdan boshlab alohida umumta’lim muassasalarida bolalarni maktab fanlariga elektron o‘qitish bo‘yicha, shu jumladan, elektron sinf jurnali, o‘quvchilar kundaliklarini raqamlashtirish va elektron materiallar kutubxonasini (darsliklar, video darslar, virtual laboratoriyalar va boshqalar) o‘z ichiga olgan tajriba tariqasida axborot tizimlarini qog‘oz hujjatlarni bekor qilgan holda joriy etiladi.

Keyingi o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘qituvchilarining yuklamasi maqbullashtiriladi, shuningdek, oliy ta’lim muassasalarida asosiy mutaxassislikka aloqasi bo‘lmagan fanlar soni ikki baravarga qisqartiriladi.

Bundan tashqari, 2020-yil oxiriga qadar 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimini joriy etgan holda, maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasining 60 foizga yetkazilishi ta’minlanadi.