2 mart kuni Shayxontohur tumani ma’muriy sudida da’vogar Toshkent shahar hokimligining javobgar Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi ko‘rsatmasi va qarori ustidan shikoyat xati ko‘rib chiqilishi boshlandi. Unda advokat Otabek O‘rinov uchinchi tomon — «Oltin Gumbaz» MCHJ manfaatini himoya qilib, sud majlisida ovoz yozib olish to‘g‘risidagi iltimosini bildirdi.

Sud majlisida ishtirok etgan «Gazeta.uz» muxbirining xabar berishicha, sudya advokatning iltimosini qanoatlantirmaslikka qaror qilgan. Shundan so‘ng advokat sudyaning ishni xolis ko‘rib chiqishiga shubha bildirib, uni rad etdi.

«Aslida bu ikkinchi sud majlisi, avval ham shu mazmundagi iltimosnomani bekor qilgandi. Aslida bu — bizning huquq. Kodeksda shunday bitilgan», — dedi advokat.

Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 143-moddasiga («Sud majlisi») muvofiq, ma’muriy sud ishlarini yuritish ishtirokchilari va sud majlisi zalida hozir bo‘lganlar yozma qaydlar qilish, stenogramma yuritish va ovoz yozib olish huquqiga ega.

Advokatning iltimosnomasi yuzasidan fikr bildirgan Toshkent shahar hokimiyati vakili Shokirov «sudda bayonnoma tuzilishi» vajidan iltimosnoma qanoatlantirmaslikni so‘radi. Prokuror yordamchisi Shohrux G‘ulomov esa ushbu masalani sudga havola etdi. Sudya himoyachining iltimosnomasini qanoatlantirmaslik bilan birga, sud majlisida hozir bo‘lgan jurnalistning professional faoliyatiga to‘sqinlik qilmadi. U muxbirga diktofondan foydalanish huquqini eslatgan.

Ushbu ishda garchi javobgar Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi sanalsa-da, ishda manfaatdor uchinchi tomon — «Oltin Gumbaz» MCHJ qonuniy vakillari, shuningdek, prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil institutidan xodimlar ham sudda ishtirok etishdi.

Aslida hammasi ancha oldin boshlangan: 2010 yil qabul qilingan 1326-sonli «Dehqon bozorlari va savdo komplekslari faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori va uning ijrosini ta’minlash maqsadida 2011 yil 27 yanvarda Adliya vazirligi ro‘yxatidan o‘tgan nizom ayrim tadbirkorlarni qiynab kelmoqda.

Hujjatlarga muvofiq, bozor hududida ko‘rsatiladigan infratuzilma xizmatlari uchun haq undirish talabi belgilangan. Ammo ushbu talab bozor hududidagi bino va inshootlar mulkdoriga tegishli bo‘lib, 2010 yilga qadar bozorga tutash hududda faoliyat olib borgan hamda o‘z mulkiga ega tadbirkorlarga tatbiq etilmaydi. Bundan tashqari, ko‘rsatiladigan xizmatlar hisob-kitob qilinishi, bu borada bozor tadbirkor bilan shartnoma tuzishi nazarda tutilgan.

Ushbu masalada qiyinchilikka uchragan tadbirkorlar «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda, garchi infratuzilma xizmatlari uchun tegishli tashkilotlar bilan alohida shartnoma tuzilgan bo‘lsa ham, bozor ma’muriyati to‘lovni asoslantirmay talab etishini bildirdi. Shuningdek, tadbirkorning mulk huquqi umuman hisobga olinmay qolishi ta’kidlandi.

Toshkent hokimligi qarorida esa ushbu holatlar inobatga olinmagani tufayli, Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi shahar hokimiyatini «Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning 12-moddasida talablarini («Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining shartnomalar tuzishda ustunlik berishi taqiqlanishi belgilangan») buzgani uchun ogohlantirgan. Shu tufayli qo‘mitaning maxsus komissiyasi qarori va ko‘rsatmasi chiqarilgan. Endilikda hokimiyat qo‘mita qarori ustidan arz qilib, sudga murojaat qilgan.

Sudyani rad etish to‘g‘risidagi iltimosnoma taqdim etilgach, sud ishni 3 mart soat 10.00ga qadar qoldirdi.