Mirishkor tumani hokimi Baxtiyor Rajabov uyatli so‘zlar bilan qo‘l ostidagi hamda yig‘ilishda ishtirok etgan shaxslarni haqorat qilgani Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati tomonidan tasdiqlandi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, audioda turli xil uyatli so‘zlar bilan yig‘ilganlarni «siylagan» tuman hokimi ekanligi aniq, va viloyat rahbariyati buni inkor etish fikridan yiroq.

«Bu borada ichki tartibda chora ko‘rish bilan cheklanish ham mumkin edi. Ammo, qonuniy ravishda chora ko‘rilishi, „Nega oddiy xalq xato qilsa, jazo yoki jarima, hokim xato qilsa, kechirim-mi?“ kabi tabaqalashtiruvchi gap-so‘zlar kelib chiqmasligi tarafdorimiz», — deyiladi axborot xizmati munosabatida.

Ta’kidlanishicha, mazkur audio tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganilmoqda va uning yakuni bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlarni e’lon qilinadi.

Baxtiyor Rajabov Mirishkor tumanida ish boshlaganiga qariyb to‘rt oy bo‘lgandi. Bunga qadar u viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Rajabovdan avval tumanga rahbarlik qilgan Ravshan Komilov nevaralari bilan begona daladan dumbul tergan kishini haqoratlagandi. Sobiq hokim kishini o‘g‘irlikda ayblayotgani aks etgan videoyozuv keyinchalik tarqalgan.