«Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston prezidenti farmoni imzolandi, deb xabar berdi «Taraqqiyot strategiyasi» markazi direktori Eldor Tulyakov.

Uning aytishicha, bu yilgi davlat dasturi 284ta banddan iborat bo‘lib, unda umumiy qiymati 18,2 trln so‘m va 10,3 mlrd AQSH dollariga teng loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan.

Davlat dasturi loyihasi 320ta banddan iborat holda jamoatchilik muhokamasiga havola etilgandi. Uning doirasida jami qiymati 17,5 trln so‘m va 9,6 mlrd dollarga teng loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgandi.

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi ma’lumotiga ko‘ra, muhokama jarayonida aholidan 3162ta taklif kelib tushdi. Ular bo‘yicha o‘tkazilgan muhokamalar yakuniga ko‘ra, loyihaga jami 62ta konseptual va 30dan ortiq tahririy o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan:

  • «Mening fikrim» portalida tashabbuslarni ko‘rib chiqish, qabul qilish va rad etish jarayonlarining ochiqligini ta’minlash;
  • sudyalarni rotatsiya qilishning aniq va shaffof mexanizmini joriy etish;
  • tashqi qarzlarni olish va uni maqsadli sarflash jarayonida Oliy Majlis rolini kuchaytirish;
  • «yashirin iqtisodiyot» sub’ektlarini aniqlashda jamoatchilik nazorati mexanizmlarini joriy qilish;
  • kambag‘allikni aniqlash mezonlarini ishlab chiqishda mahalliy deputatlarning ishtirokini kengaytirish;
  • «Kitob kuni»ni belgilash va shu kunda respublika bo‘ylab ommaviy ijtimoiy tadbirlar o‘tkazish;
  • talabalar turar joylarini qurishni davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirish;
  • O‘zbekistonda seysmik xavfsizlikni ta’minlash tizimini takomillashtirish kabi takliflar dasturga kiritildi.