Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi «Oybek» chegara bojxona posti orqali qo‘shni mamlakatga maymun bolalarining noqonuniy olib chiqilishiga cheq qo‘ydi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

Lexus RX 330 avtomobilida chiqib ketayotgan qo‘shni davlat fuqarosi Bobojonov o‘ziga tegishli yuklarni bojxona ko‘rigidan o‘tkazish davomida karton qutilardan birida baliq ozuqalarini olib o‘tayotganligini ma’lum qiladi.

Ammo, quti ochib ko‘rilganida uning ichida 1 bosh «Oqpanja gibbon» va olti bosh «Yavana makkakasi» zotiga mansub maymunlar borligi aniqlandi.

Dastlabki, hisob-kitoblarga ko‘ra ularning umumiy narxi 100 mln. so‘mga baholangan.

Hozirda Toshkent hayvonot bog‘iga topshirilgan maymunlarning sog‘ligi veterinar-shifokorlar nazoratida bo‘lib, yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.