Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi raisi Abdushukur Abdullayev. 26 fevral kuni Andijon viloyati yer resurslari va davlat kadastri rahbar hamda xodimlari ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda qo‘l ostidagi ayrim rahbarlarni ishdan bo‘shatdi, xabar berdi qo‘mita axborot xizmati.

Ta’kidlanishicha, yig‘ilishda o‘z vazifalariga sovuqqonlik bilan qarab sohaga oid prezidentining farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari ijrosini ta’minlamaganliklari va tumanda yetarli darajada ishni tashkil etmaganligi uchun Ulug‘nor, Jalaquduq va Shahrixon tuman filiallari rahbarlari egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Bundan tashqari, yer maydonlaridan foydalanishni nazorat qilish ishlari va xatlovlar yakuni bo‘yicha tumanda yetarli darajada ish tashkil etmaganligi uchun Izboskan, Qo‘rg‘ontepa tumanlari hamda Andijon shahar filial rahbarlariga intizomiy jazo berildi

Qo‘mita axborotiga ko‘ra, Abdullayev bo‘sh turgan yer maydonlarini auksion savdolariga qo‘yish Andijon viloyatida qoniqarsiz holatda ekani, viloyatda 6500 gektar atrofida bo‘sh turgan yer maydonlari mavjudligiga qaramasdan noqonuniy ravishda uy-joylar va ijtimoiy ob’ektlar qurilishi asosan ekin yerlarda amalga oshirilayotganligini jiddiy tanqid qildi.

Yig‘ilishda eng og‘riqli masala korrupsiya xususida to‘xtalib, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha «Andijon usuli»ni tashkil etish va respublikada namuna bo‘lishga chaqirilgan.

Qo‘mita raisi, bundan avval, o‘z ishiga mas’uliyatsizlik bilan yondashib, qishloq xo‘jaligi yerlarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlariga hech bir munosabat bildirmaganligi va o‘z ishiga sovuqqonlik bilan qaragani, yer tuzish va yer maydonlarini muhofaza etish tadbirlarini amalga oshirmaganligi uchun Qashqadaryo viloyatidagi 10 nafar rahbar va xodimlarini egallab turgan vazifasidan ozod etgandi.