Avto 60 oy kompaniyasi faoliyatdan ko‘rilgan zararning umumiy miqdori 57,4 mlrd so‘mga (6 mln dollarga yaqin) baholanmoqda. Bu haqda O‘zbekiston IIV huzuridagi Tergov qo‘mitasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

2019 yil 12 oktyabr kuni Avto oltmish oy MCHJ ta’sischisi Jamshid Bahodirov va boshqa mansabdor shaxslarga qarshi Jinoyat kodeksining 188−1-modda 1-qismi (pul mablag‘larini va boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Mazkur jinoyat ishi UzAuto Motors`ning kompaniya 5 yil (60 oy) muddatga foizsiz, bo‘lib to‘lash sharti bilan avtomobil xarid qilishni taklif etayotgani va mashinani 135 kun ichida yetkazib berishni va’da qilayotgani bo‘yicha shubhali faoliyati haqidagi murojaati asosida qo‘zg‘atildi.

Tergov davomida aniqlanishicha, Avto oltmish oy fuqarolarga avtotransport vositalarini foizsiz, 5 yil muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan olib berishni va’da qilgan reklama flayerlarini tarqatgan. Fuqarolardan transport vositasi turiga qarab 2 mln so‘mdan 10 mln so‘mgacha olib, shartnoma rasmiylashtirgan. Tadbirkorlar o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarmasdan, shartnoma tuzish uchun fuqarolardan tushgan pul mablag‘larini jamiyat faoliyatini reklama qilishga sarflagan.

Jami 18818 nafar mijoz tomonidan jamiyat hisob raqamiga 57,412 mlrd so‘m (6 mln dollarga yaqin) pul mablag‘lari o‘tkazilgan. Shundan 130 ta transport vositalarini sotib olib berish uchun Qibray avto moto servise MCHJga 24,6 mlrd so‘mlik qismini ko‘chirish berish bilan kifoyalangan. 96 nafar mijozga transport vositasi yetkazib bergan, qolgan mijozlarga avtomashina olib berish yuzasidan majburiyatini bajarish uchun kompaniya hisob raqamida yetarli pul mablag‘lari mavjud bo‘lmagan.

Jabrlanuvchilarga yetkazilgan umumiy zararning undirilgan qismi: 34,148 mlrd. so‘m. Naqd pul shaklida — 26 mlrd so‘m, xatlangan mol-mulklar — 8,148 mlrd so‘m, shuningdek 28 ta turli rusumdagi umumiy bahosi 2,1 mlrd so‘mga teng bo‘lgan transport vositalarini xatlash choralari ko‘rilmoqda.

«Jamshid Bahodirov va uning sheriklari o‘zlarining jinoiy faoliyatlari davomida „Catalea Media“ MCHJ, „J.Baxodirov“ YATT va „Karat insurance“ MCHJlarni tashkil qilib, ustav jamg‘armasini mijozlar tomonidan topshirilgan pul mablag‘lari evaziga shakllantirganliklari sababli, mazkur jamiyatlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, yagona ish yurituvga birlashtirilgan», — deyiladi Tergov departamenti xabarida.

Ish bo‘yicha ayblanuvchilar qamoqda saqlanmoqda, bir nafar ayblanuvchiga nisbatan «garov» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Jinoyat ishi bo‘yicha hujjatli taftish yakuni bo‘yicha qolgan shaxslar va jamiyatning viloyatlardagi filiallaridagi menedjer hamda kassirlarining harakatlariga huquqiy baho beriladi.

Jinoyat ishi bo‘yicha Tergov departamenti va uning quyi tizimi xodimlaridan iborat tergov guruhi tashkil etilgan bo‘lib, Tergov departamenti va Respublikaning barcha hududlarida tergov harakatlari olib borilmoqda hamda departament tomonidan jamlanib kelinmoqda. Ayblanuvchilar tomonidan jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararlarni undirish masalasi sud jarayonida hal etiladi.

Avvalroq, Tergov departamenti avtomobillarni 40 oyga foizsiz bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olishni taklif qilgan AvtoRental kompaniyasi mansabdor shaxslariga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atgani haqida xabar berilgan edi. Zarar qariyb 2,5 milliard so‘mni tashkil etdi, 700 ga yaqin odam jabrlandi.