1 martdan Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Yaponiya va Italiyada koronavirus avj olgani munosabati bilan Tokio va Rimga aviaqatnovlarni vaqtincha to‘xtatadi. Bu haqda tashuvchi matbuot xizmati xabar qildi.

Xuddi shu sanadan boshlab Seulga ham muntazam aviaqatnovlar vaqtincha to‘xtatiladi.

Maqsad — O‘zbekiston hududida mazkur virus tarqalishining oldini olishdan iborat.

Xabarda qayd etilishicha, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda aviakompaniyaning barcha reyslarida yuqori xavfsizlik choralari joriy etilgan, shu jumladan, O‘zbekiston davlat chegarasini kesib o‘tuvchi shaxslar sanitariya-karantin tadbirlari va tibbiy-sanitariya nazoratlaridan o‘tkazilmoqda.

Yo‘lovchilarning vaqtincha joylashtirish punktida turishlari masalalari bo‘yicha Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligining bosh qarorgohiga 71−276−49−66 telefon raqami orqali murojaat qilish mumkin.