1 martdan boshlab Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Janubiy Koreyada koronavirus avj olishi va O‘zbekiston hududida virus tarqalishining oldini olish maqsadida Seulga bo‘lgan qatnovlarni vaqtincha to‘xtatib turadi. Bu haqda aviatashuvchi matbuot xizmati xabar qildi.

HY514 reys bilan 29 fevral kuni Seuldan uchadigan yo‘lovchilar kelishlari bilan vaqtinchalik turar joyga jo‘natiladi. Shu munosabat bilan ularni Toshkent aeroportida kutib olmaslik so‘raldi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda aviakompaniyaning barcha reyslarida yuqori xavfsizlik choralari joriy etilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston davlat chegarasini kesib o‘tuvchi shaxslar sanitariya-karantin tadbirlari va tibbiy-sanitariya nazoratlaridan o‘tkazilmoqda.

Yo‘lovchilarning vaqtincha joylashtirish punktida turishlari masalalari bo‘yicha Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligining bosh qarorgohiga 71−276−49−66 telefon raqami orqali murojaat qilish mumkin.