29 fevralda Qatar poytaxti Doha shahrida AQSH va «Tolibon» harakati o‘rtasida uzoq kutilgan va afg‘on xalqi uchun umummilliy yarashuv jarayonini boshlashi mumkin bo‘lgan «tinchlik kelishuvi»ning imzolanishi kutilmoqda. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov ushbu masala yuzasidan «Xalq so‘zi» muxbiriga intervyu bergan.

— O‘zbekistonning afg‘on mojarosini hal etish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarga shu qadar faol kirishishiga nima sabab bo‘ldi, vaholanki, ushbu nizo yechimini topishdan manfaatdor bo‘lgan mamlakatlarning hammasi ham Toshkent konferensiyasi kabi nufuzli tadbirni tashkil etishga qadar bunday izchil harakatlarni amalga oshirishga tayyor emas edi?

— Shuni unutmaslik lozimki, bizning Afg‘oniston bilan umumiy chegaramiz bor. Biz ko‘p asrlik mushtarak tarixga egamiz, xalqlarimiz taqdiri bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, «ming yillar davomida O‘zbekiston va Afg‘oniston xalqlari yagona madaniy-tamaddun makonida rivoj topganlar». Qanday qilib biz Afg‘onistonda normal hayot tezda tiklanishidan manfaatdor bo‘lmasligimiz mumkin?

Bilasizmi, zamonaviy dunyo tarixida eng uzoq vaqt davom etayotgan ushbu mojaro, hatto Afg‘onistonni o‘z davlatchiligini amalda yo‘qotishiga olib keldi. Bu shart-sharoitlarda qanday qilib hokimiyatning barcha tarmog‘i to‘laqonli ishlay oladi, qonunlarga rioya qilinadi, iqtisodiyot ishlaydi?

Tasavvur qiling — biz XXI asrda yashayapmiz va o‘tgan asrda boshlangan urush deyarli 40 yilga yaqin davom etmoqda. Ikki millionga yaqin odamlar uning qurboniga aylandi va Afg‘onistonning Qochoqlar ishlari bo‘yicha vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yana 6 million kishi mamlakatni tark etgan.

Albatta, bugungi kunda bizga nafaqat qochoqlarning vataniga qaytishini, balki ularning Afg‘onistonda tinch hayotni barpo etish jarayonida faol ishtirokini ta’minlovchi umumiy mintaqaviy strategiya lozim. Markaziy Osiyo davlatlari bilan chegaradosh hududlarda har yili o‘nlab qurolli to‘qnashuvlar sodir etiladi. Shunday vaqtlar ham bo‘ldiki, hatto harbiy harakatlar bizning chegaramizga tutash hududlargacha yetib keldi. Bularning barchasi bizni xavotirga solmasligi mumkin emas.

Bundan tashqari, ISHID jangarilari Yaqin Sharqdan quvib chiqarilishi natijasida Afg‘oniston hududida transmilliy terrorchi tashkilotlar panoh topa boshladi. Bu nafaqat mintaqaviy, balki global xavfsizlikka ham jiddiy tahdid sola boshladi.Biz xavfsizlik bo‘linmas ekani va uni faqat mushtarak sa’y-harakatlar orqali ta’minlash mumkin, degan mavqedan kelib chiqamiz.

O‘zbekiston rahbari «Afg‘oniston xavfsizligi — bu O‘zbekistonning xavfsizligi», deya bir necha bor bayonot berganlar. Afg‘oniston bo‘yicha siyosatimizda biz nafaqat ushbu mamlakatning kelajagi, balki umumiy xavfsizligimiz, terrorizm, aqidaparastlik va zo‘ravonlikdan xoli dunyo uchun kurashmoqdamiz. Shu bilan birga, Afg‘onistonda tinchlikni ta’minlash — bu faqatgina xavfsizlik muammolarini hal qilishdangina iborat emas.

Afg‘oniston masalasida biz defensive approach deb ataluvchi himoya yondashuviga asoslanmaymiz. Biz mintaqamizda vaziyat qanaqa ekanligini yaxshi idrok etishimizga ishonchimiz komil, shuning uchun «o‘yinchi"larning biri g‘alaba qozonsa, ikkinchisi mag‘lub bo‘ladigan biron-bir «nolga teng o‘yinlarda» ishtirok etishga intilmaymiz. Biz pragmatikmiz va yaxshi qo‘shni bo‘lishni xohlaymiz.

Faqatgina 100 yil oldin o‘rnatilgan chegaralarga qaramay, xalqlarimiz o‘rtasida 3 ming yillik tarixga ega munosabatlar mavjud. Amudaryo bo‘ylab o‘rnatilgan chegaralar hech qachon odamlarning bordi-keldisi, savdo-sotiq qilishi hamda madaniyatlar va dinimizning o‘zaro uyg‘unlashuviga to‘siq bo‘la olmagan. Tinch Afg‘oniston Markaziy Osiyo uchun eng qisqa yo‘l orqali dengiz kommunikatsiyalaridan foydalanish, transport yo‘laklarimizni diversifikatsiya qilish va shu bilan mahalliy mahsulotlarni eksport qilish uchun keng bozorlarni ochish imkoniyatlarini ta’minlashga qodir.

Afg‘onistonning mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikka qo‘shilishi uchun yordam berish juda muhim va Toshkent buni chin dildan xohlaydi. Bundan tashqari, shu narsani tushunish lozimki, Afg‘oniston hududidagi tahdidlar qanchalik kam bo‘lsa, milliy xavfsizlikni ta’minlashga sarf etiladigan xarajatlarimiz shunchalik qisqaradi. Tejalgan mablag‘larni biz ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal qilish, fuqarolarimizning turmush darajasini oshirishga yo‘naltirishimiz mumkin.

— Afg‘onistondagi mojaroning mohiyatini qanday tushunasiz? Umuman olganda, bu mamlakatda qanday jarayonlar yuz bermoqda?

— Siz juda muhim savolni berdingiz. Inqirozning mohiyatini tushunmasdan, uni hal qilishning samarali strategiyasini ishlab chiqish mumkin emas. Afg‘onistondagi mojaro 40 yil mobaynida jiddiy o‘zgarishlarga uchradi. Bugungi kundagi vaziyat qurolli qarama-qarshilikning dastlabki bosqichidan tubdan farq qiladi. Bu rad qilib bo‘lmaydigan haqiqatdir.

Hozirgi bosqichda u yerda qanday jarayonlar sodir bo‘layotganini aniqlash muhim edi. Bu fuqarolar urushimi yoki hukumatning terrorchilarga qarshi kurashimi? Bu xalqaro nizomi yoki global «o‘yinchi"lar faol ishtirokidagi mintaqaviy mojaromi? Yoki ushbu muammo Afg‘onistonning giyohvand moddalar, qurol-aslaha va odamlar savdosining to‘siqsiz, transhududiy «ochiq zonasi»ga va xalqaro terrorchilik tashkilotlari uchun «qulay makonga» aylantirilganligi bilan izohlanadimi?

Hozirgi kunda ushbu savollarga oddiy va aniq javob mavjud emas. Afg‘oniston mojarosi yuqorida qayd etilganidek, barcha jarayonni o‘zida mujassam etib, ichki, mintaqaviy va xalqaro muammolar bir-biri bilan chambarchas bog‘lanib ketgan chigal va yechilishi qiyin bo‘lgan murakkab qarama-qarshiliklardan iborat kalavaga aylandi.

— Tushunarli. Demak, siz Afg‘onistonda qanday jarayonlar o‘rin topganini anglab yetgandan so‘ng, dunyo diplomatiyasi rahbarlari hamda yuqori darajali siyosatchilar ishtirokidagi Toshkent konferensiyasini o‘tkazishga qaror qildingiz, shundaymi?

— Ha, xuddi shunday. Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi voqealar tufayli Afg‘onistondagi vaziyat ma’lum vaqt jahon siyosati e’tiboridan chetda qoldi. Biroq buning natijasida mojaro o‘zining keskinligi va jiddiyligini yo‘qotmadi. Shuning uchun forum afg‘on mojarosini hal qilish yo‘llarini izlab topishda muhim burilish bo‘ldi. Buni afg‘onistonlik hamkasblarimiz va chet ellik hamkorlarimiz turli darajalarda e’tirof etdilar.

Toshkent anjumani Afg‘oniston muammosini xalqaro kun tartibining markaziga qaytarish imkonini berdi. Toshkent konferensiyasida belgilangan yangi prinsipial holat Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish masalalarida mintaqaviy va global yondashuvlarning tobora muhim ahamiyat kasb etishidan iborat bo‘ldi.

— Nimani nazarda tutyapsiz?

— Mintaqadagi qo‘shni davlatlar va dunyoning yetakchi mamlakatlarining sa’y-harakatlarisiz ushbu nizoni hal etib bo‘lmasligi ta’kidlandi. Shuning uchun ham aynan Toshkent konferensiyasida xalqaro hamjamiyatning «Tolibon» harakati bilan hech qanday muqaddam shartlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yishga tayyorligi namoyon etildi. Yanada batafsilroq aytsak, aynan shu yerda — O‘zbekistonda biz «Tolibon»ni tinchlik muzokaralari jarayoniga jalb etish uchun turtki berishga muvaffaq bo‘ldik. Sizga ma’lumki, bizning sheriklarimiz ham keyinchalik harakat vakillari bilan ularning mavqelarini yaxshiroq tushunish va murosaga erishish maqsadida bir necha davradan iborat muzokaralarni o‘tkazdi.

Bundan tashqari, xalqaro hamjamiyat tinchlik jarayonini faqat Afg‘onistonga qo‘shni bo‘lgan davlatlarning faol ishtirokida amalga oshirish mumkinligini anglab yetdi. Shu bois ham afg‘onlararo yarashuvning asosiy tamoyillari bo‘yicha mintaqaviy konsensusni ta’minlash muhim edi. Shuningdek, go‘yo turli ixtiloflari bo‘lgan davlatlar — Pokiston va Hindiston, Eron va Saudiya Arabistoni, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklari bir-birlari bilan o‘zaro kelishib olishlari zarur edi. Bundan tashqari, Turkiyaning alohida mavq’ei ham mavjud… Bularning barchasini afg‘on muammosini mushtarak idrok etish asosida birlashtirib olishga muvaffaq bo‘lindi.

Toshkent konferensiyasi o‘tkazilganidan so‘ng Vashington, Moskva va Pekinning mavqelari sezilarli darajada bir-biriga yaqinlashdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, «tinchlikka intilishning asosiy sharti — bu Afg‘oniston uchun mintaqaviy va xalqaro miqyosda kelishilgan, yaxlit va keng qamrovli tinchlik dasturini ishlab chiqish va amalga oshirishdir».

Anjumanda qabul qilingan Deklaratsiya mamlakatda milliy totuvlikka erishish, xalqaro terrorizm, narkotrafikka qarshi kurash, shuningdek, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik uchun o‘ziga xos «Yo‘l xaritasi» bo‘ldi. Hujjatda Afg‘onistonning barqaror rivojlanishi, afg‘on xalqining turmush farovonligini oshirish hamda ularni mintaqa va dunyo miqyosida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik jarayonlariga jalb etishning shart-sharoitlari belgilandi.

— Ma’lumki, forumda qatnashgan mintaqadagi hamkasblaringiz bilan yaqindan hamkorliksiz konferensiyani o‘tkazish mumkin emas edi. Mintaqa davlatlari bunday yaqin hamkorlikni davom ettirishga tayyormi?

— O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti BMT, MDH, SHHT, IHT kabi mintaqaviy va xalqaro maydonlardagi o‘z nutqlarida hamkorlarimiz, shu jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan afg‘on muammosining siyosiy yechimini topishga tayyorligini bir necha bor ta’kidlagan edilar.

Hech bir mamlakat afg‘on muammosini mustaqil ravishda hal qila olmasligi, shubhasiz, aniq va ravshan. Shuning uchun O‘zbekiston rahbari Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishida qo‘shni davlatlarning muhim o‘rni mavjudligini qayta-qayta qayd etgan. Qo‘shni davlatlar va hamkorlarning sa’y-harakatlari bir-birini almashtirmasligi, balki bir-birini to‘ldirishi kerak.

Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari Afg‘oniston muammosini hal qilishda faol yordam ko‘rsatmoqda. Qozog‘istonning raisligi va tashabbusi bilan BMT Xavfsizlik Kengashida Afg‘oniston bo‘yicha vazirlararo munozara bo‘lib o‘tdi. Aynan shu tadbir doirasida Toshkent konferensiyasini o‘tkazish tashabbusi e’lon qilindi va mintaqaning barcha mamlakatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

O‘z navbatida, Qirg‘iziston tomonidan mazkur mamlakatda yuz berayotgan jarayonlarni chuqur tahlil qilish maqsadida Bishkek shahrida Afg‘oniston bo‘yicha tadqiqot markazini tashkil etish taklifi ilgari surildi.

Biz hammamiz, Afg‘oniston mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga jalb qilinishi zarurligini tushunamiz. Ushbu fikr Ashxobodda Afg‘oniston bo‘yicha yettinchi mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konferensiyasi, Toshkent konferensiyasi va Dushanbe shahrida Terrorizm muammosi va uni moliyalashtirish manbalari bo‘yicha yuqori darajada o‘tkazilgan xalqaro konferensiya ishtirokchilari tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi.

Afg‘on yo‘nalishi bo‘yicha faol mintaqaviy hamkorlikka yana bir misol sifatida Samarqandda bo‘lib o‘tgan «Hindiston — Markaziy Osiyo» vazirlar muloqotiga birinchi marta Afg‘onistonning jalb etilganini keltirish mumkin.

— Sizningcha, Afg‘oniston «sovuq urush» davrida bo‘lganidek, dunyoning rivojlangan yirik davlatlari manfaatlarining to‘qnashuvi uchun yana maydon bo‘lmay qoldimi?

— Ha, haqiqatan ham, afg‘on mojarosi avvaldan ikki dunyo tizimlari o‘rtasidagi geosiyosiy qarama-qarshilikning samarasi bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «urush olovi» afg‘on xalqiga tashqaridan olib kirilganini va urush bu xalqning tanlovi emasligini" ochiqdan-ochiq aytdi. Hozirga qadar yirik kuch markazlari o‘z manfaatlari yo‘lida Afg‘onistonda to‘qnash kelmoqdalar. Mojaroga yangi ishtirokchilarning doimiy ravishda jalb etilishi afg‘on nizosining misli ko‘rilmagan darajada chuqurlashishiga olib keldi.

Afsuslar bo‘lsinki, o‘n yillar davomida afg‘on muammosini harbiy kuch orqali hal qilish mumkinligi to‘g‘risida turli xayolparast fikrlar mavjud edi. Eng achinarlisi shuki, aql bovar qilmaydigan darajada insoniy qurbonlar va ulkan iqtisodiy hamda siyosiy talafotlardan so‘ng ushbu yondashuv boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yganligi anglab yetildi.

Bugungi kunda esa dunyoning yirik davlatlari, eng avvalo, Rossiya, Xitoy, AQSH, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va musulmon dunyosi davlatlari o‘rtasidagi yaqin hamkorlikni faqat qutlash mumkin. So‘nggi oylarda Moskva, Pekin va Vashington uch tomonlama uchrashuvlar doirasida muhim natijalarga erishganlari va ushbu formatga manfaatdor mamlakatlar ham qo‘shilganini mamnuniyat bilan qayd etamiz. Mazkur sa’y-harakatlar afg‘on masalasini samarali ravishda hal qilish uchun zarur tashqi sharoitlarni shakllantiradi.

— Sizningcha, Afg‘onistonda kim bardavom tinchlikning kafili bo‘la oladi?

— Avvalambor, yirik davlatlar: AQSH, Rossiya, Xitoy, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va albatta, aynan shu darajada Afg‘onistonning bevosita mintaqaviy qo‘shnilari. Bular tashqi kuchlardir.

Ammo Afg‘onistonda tinchlik haqida kelishuvlarning barqarorligi, avvalo, mamlakatdagi barcha siyosiy kuchlarning — siyosiy partiyalar, harakatlar va etnik guruhlarning o‘zlari ushbu jarayonga jalb qilinishiga bog‘liq bo‘ladi. Umummilliy kelishuv va yarashuvsiz sezilarli taraqqiyotga erishish mumkin emas.

Davlatga qarashli huquqni muhofaza qilish idoralarini saqlab qolish va rivojlantirish, fuqarolik jamiyati tuzilmasining to‘liq ishlashi, Afg‘oniston xotin-qizlarining huquqlarini ta’minlash va boshqalar,bir so‘z bilan aytganda, mustaqil afg‘on davlatini qurish va fuqarolik jamiyati asoslarini yaratish yo‘lida so‘nggi 18 yil ichida erishilgan barcha ijobiy yutuqlarning asrab qolinishi favqulodda muhimdir.

— Agar Siz aytayotgan gaplar haqiqatga aylansa, biz 40 yil ichida birinchi marotaba Afg‘onistonda uzoq kutilgan tinchlikni ko‘ramiz. Siz ushbu mamlakatning kelajagini qanday tasavvur qilasiz?

— Siz o‘zingiz aytgandek, tinchlikni ko‘rish uchun, birinchidan, ushbu maqsad butun afg‘on jamiyati, barcha etnik guruhlar va siyosiy harakatlarni birlashtiruvchi yagona, umumiy g‘oyaga aylanishi kerak. Ikkinchidan, xavfsizlik va iqtisodiyot sohalaridagi vazifalarning samarali yechimini topa oladigan barqaror umummilliy hukumat tuzilishi kerak. Afg‘oniston samarali mintaqaviy hamkorlik maydoniga aylanishi zarur.

Aytib o‘tganimdek, bugungi kunda Afg‘oniston, afsuski, hali ham jahon va mintaqa davlatlarining qarama-qarshilik hamda raqobat maydoni bo‘lib qolmoqda. Biz O‘zbekistonda mazkur yondashuv o‘zgarishi kerak, deb hisoblaymiz. Afg‘oniston barchamizga umumiy til topishni, milliy manfaatlarimizni moslashtirishni, murosa qilishni va o‘zaro hamjihatlikka erishishni o‘rganish uchun qulay imkoniyat bermoqda.

Faqat shundagina umumiy mintaqamizning bardavom rivojlanishi, xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash yo‘lida Afg‘onistonning barcha qo‘shni mamlakatlar uchun teng huquqli sherik bo‘lishiga erisha olamiz.

Iqtisodiyotni tiklamasdan, aholining murakkab ijtimoiy muammolarini hal qilmay turib, Afg‘onistonda tinchlikka erishib bo‘lmaydi. Afg‘onistonning iqtisodiy kelajagiga sarmoya kiritishni davom ettirish muhimdir. Insonparvarlik dasturlari va loyihalarini moliyalashtirishni qisqartirishga yo‘l qo‘ymaslik kerak.

O‘z navbatida, O‘zbekiston ham Afg‘onistondagi Surxon — Puli-Xumri elektr uzatish liniyasi va shu kabi boshqa keng miqyosli infratuzilmaviy hamda ijtimoiy jihatdan ahamiyatli loyihalarni amalga oshirishni boshlab yubordi. Elektr uzatish liniyasi Kobulni Markaziy Osiyoning yagona energetik tizimiga ulaydi. Bundan tashqari, Surxon — Puli-Xumri elektr uzatish liniyasi CASA-1000 loyihasining tarkibiy qismi bo‘lishi va elektr energiyasini Pokiston hamda Janubiy Osiyo mamlakatlariga yetkazib berish uchun zamin yaratadi. O‘zbekiston Afg‘onistonni mintaqaviy integratsiyaga jalb qilishga imkon beruvchi transport-logistika loyihalarini amalga oshirishdan manfaatdordir.

Mamlakatimiz, shuningdek, Afg‘oniston hukumati va boshqa xalqaro sheriklar bilan birgalikda Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi Mozori-Sharif — Hirot va Mozori-Sharif — Peshovar temir yo‘l loyihalarini amalga oshirishda qatnashishga tayyor.

Mazori-Sharifni Pokiston dengiz portlari bilan bog‘lovchi temir yo‘l loyihalari bugungi kunda Yevropa Ittifoqi tomonidan qo‘llab-quvvatlanilayotgan Yevroosiyo o‘zaro bog‘liqlik konsepsiyasining bir qismi bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, mazkur yo‘nalishning ochilishi Markaziy Osiyo davlatlari uchun Pokistonning Gvadar hamda Karachi portlariga chiqish va keyinchalik Hindiston hamda Bangladeshga yuklar tranzitini faollashtirish uchun ko‘maklashadi.

Shu munosabat bilan Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘anining Afg‘onistondan O‘zbekiston va Qozog‘iston orqali Xitoyga birinchi konteyner poyezdi yo‘lga qo‘yilganiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda aytgan so‘zlarini ta’kidlab o‘tishni muhim, deb hisoblayman. A. G‘ani O‘zbekistonning tranzit yuk tashish va mintaqada transport-kommunikatsiya yo‘nalishlarini rivojlantirish borasidagi ko‘magini yuqori baholadi va afg‘on yuklarining Xitoyga tranzitida ko‘rsatilgan yordam uchun O‘zbekiston rahbariyatiga samimiy minnatdorligini bildirdi. «Do‘stim Prezident Shavkat Mirziyoyevga Afg‘oniston xalqi va hukumatiga mamlakatni qayta tiklash va rivojlantirish borasida ko‘rsatilayotgan yordam uchun samimiy minnatdorligimni bildiraman». Fikrimcha, bu Afg‘onistonning iqtisodiy infratuzilmasini qayta tiklashda O‘zbekiston ko‘rsatayotgan amaliy yordam uchun afg‘on xalqi tomonidan berilgan eng yuqori bahodir.

Shuni ta’kidlash muhimki, ta’lim olish imkoniyatini yaratmay turib, mamlakatning to‘laqonli tinch hayotini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ma’lumki, Afg‘onistondagi urush davomida zo‘ravonlikdan boshqa hech nimani ko‘rmagan butun bir avlod voyaga yetgani hech kimga sir emas.

Afg‘on yoshlariga o‘z taqdirlarini o‘zlari belgilash imkoniyatini berish orqali jamiyatda ta’lim va ma’rifatning nafrat va ekstremizm g‘oyalariga qarshi tura oladigan nufuzini shakllantirish lozim. O‘zbekiston bu borada faol ish olib bormoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Termiz shahrida afg‘on fuqarolarini o‘qitish uchun Ta’lim markazi barpo etildi. Hozirgi kunda navbatdagi talabalar tanlovi ketmoqda. 2020 yilda markazda 200 ga yaqin kishilar imtiyozli asosda o‘qitiladi. Kelgusida talabalar sonini 300 kishiga yetkazish, ta’lim yo‘nalishlarini kengaytirishni rejalashtirmoqdamiz. Bundan tashqari, O‘zbekiston rahbari Afg‘onistonda ta’limni qo‘llab-quvvatlash maxsus xalqaro jamg‘armasini tuzish taklifi bilan chiqdi. Jamg‘armaning asosiy maqsadi — yoshlarni Afg‘onistonda kerakli mutaxassislikka o‘qitish, qobiliyatli talabalar va yosh olimlar uchun stipendiya hamda grantlar ajratish.

Toshkent do‘stlik ramzi sifatida Kobulga faol ravishda to‘laqonli insonparvarlik yordami ko‘rsatmoqda. Biz birodar afg‘on xalqi oldida katta mas’uliyatimizni anglaymiz va bu borada harakatlarni davom ettiramiz.

— Tinchlik bitimidan so‘ng, ya’ni tinchlikka erishilgan keyingi davrda Afg‘onistonning uzoq muddatli rivojlanishi haqida so‘z borarkan, O‘zbekistonning afg‘on siyosati ustuvor yo‘nalishlari qanday bo‘ladi?

— O‘zbekiston o‘zining afg‘on siyosatida doimo samimiy bo‘lib kelgan. Bu davlatga nisbatan bizda biron-bir siyosiy yoki yashirin maqsadlar yo‘q. Biz faqatgina bitta, juda oddiy va pragmatik tamoyilga amal qilamiz: «Qo‘shning tinch — sen tinch». Buning ustiga, Markaziy Osiyo — bu bizning umumiy uyimiz, Afg‘oniston esa uning ajralmas qismi ekanligiga aminmiz, shuning uchun biz faqat birga bo‘lgan taqdirdagina jadal rivojlanishimiz mumkin.

Bu bizning asosiy va pirovard maqsadimiz. Biz hech qachon boshqa niyatni ko‘zlamaganmiz, doimo betaraf mavqeni egallab kelganmiz va bu davlatning ichki ishlariga aralashmaganmiz. Natijasini ko‘rib turibsiz, O‘zbekiston Afg‘onistonning barcha siyosiy kuchlari, shu jumladan, «Tolibon» harakati orasida o‘z obro‘ va e’tiboriga ega. Ularning barchasi respublikamizning bu mamlakatda tinchlik o‘rnatishga qaratilgan samimiy sa’y-harakatlarini tan oladi va qo‘llab-quvvatlaydi.

— Bugungi kunda toliblarni bo‘lajak davlat boshqaruviga jalb qilish eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston birinchilar qatorida 1999 yilda «Tolibon» harakati bilan aloqalar o‘rnatib, shu kungacha muloqot saqlanib kelmoqda. Ko‘pchilik ham bu yondashuvni qo‘llab-quvvatlamagan edi…

— Toliblar afg‘on jamiyatining bir qismi va Afg‘oniston fuqarolari sifatida o‘z davlatining kelajagini belgilashda ishtirok etishlari lozim degan tamoyilga asoslanganmiz. Eng yangi tarix nuqtai nazari bilan qaraganda, «Tolibon» harakati bilan bugungi muloqotni biz ko‘p tomonlama tinchlik jarayonini qayta tiklash va mustahkamlash sifatida ko‘ramiz. O‘zbekiston ushbu jarayonni 1990 yillarda «6+2» formatida qo‘llab-quvvatlashga ancha uringan edi. Ayni o‘sha paytlarda bizning vakillarimiz Qandahorda toliblar rahbarlari bilan uchrashgan. Bu borada e’tiboringizni bir masalaga qaratmoqchiman.

Fikrimizcha, 2001 yilgi Afg‘oniston bo‘yicha Bonn konferensiyasining asosiy xatosi shundan iborat ediki, mamlakatda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha muzokaralarga tolibonlar jalb qilinmaganligi oqibatida urush yana 18 yildan buyon davom etib kelmoqda.

Avvalgi yillarda bo‘lganidek, bugun ham umumiy vazifa o‘zgarmasdan qolmoqda, ya’ni imkoni bor masalalarda asta-sekinlik va sabr bilan o‘zaro konsensusga erishish maqsadida har yerda to‘g‘ridan-to‘g‘ri keng qamrovli afg‘onlararo inklyuziv muzokaralarni yo‘lga qo‘yishdir. Shu ma’noda, toliblar bilan muloqot nafaqat maqsadga muvofiq, balki o‘ta zarur hamdir. Biroq har qanday tinchlik jarayonining boshlanishi «Tolibon» harakatining har qanday terrorchilik faoliyati va zo‘ravonlikdan voz kechishi, AQSH bilan imzolangan bitim mohiyatida ko‘zda tutilganidek, o‘t ochishdan voz kechishga, albatta, rioya qilishni taqozo etadi.

— Afg‘oniston masalasida O‘zbekistonning yana qanday imkoniyatlari mavjud?

— O‘zbekiston chuqur diplomatik an’analarni qamrab olgan noyob davlatchilik tajribasiga ega. Ma’lumki, diplomatiya, shuningdek, muzokaralar va tichlikparvarlik san’ati Yevroosiyoning bizga tegishli qismida, xususan, hozirgi O‘zbekiston hududida ko‘p asrlik tarixiy meros va davomiylikka ega. Aynan mana shu tarixan boy o‘zbek diplomatiyasining tajribasi Afg‘oniston muammosi kabi xalqaro mojarolarni hal qilishga yordam beradi.

Afsuski, zamonaviy jahon tizimi o‘zida ko‘plab xatar va tahdidlarni saqlab kelmoqda. Biz global beqarorlik darajasining o‘sib borishini kuzatib turibmiz, bu esa, o‘z navbatida, xavfsizlik masalalarining xalqaro kun tartibida yetakchi o‘ringa chiqishiga sabab bo‘lmoqda. Biroq afg‘on nizosi kabi inqirozlarda eng asosiy masala — bu muammodan keyingi hal etish davri, xalqaro migratsiya masalalariga yechim topish va boshqalar juda muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan shu o‘rinda O‘zbekiston diplomatiyasi tajribasi xalqaro hamjamiyat uchun qo‘l keladi.