Eski namunadagi 25 so‘m va undan kichik bo‘lgan tanga va banknotlar 1 martdan boshlab muomaladan chiqariladi. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati ma’lumot bergan.

Ushbu o‘zgarish 2019 yil 18 sentyabrda tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 25 so‘mlik va undan kichik nominal qiymatidagi eski namunadagi tangalari va banknotlarini muomaladan qaytarib olish to‘g‘risida"gi nizomga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Ta’kidlanishicha, qonuniy to‘lov vositasi sifatida o‘z kuchini yo‘qotgan eski namunadagi tangalar va banknotlar 1 martdan boshlab faqat Markaziy bankning hududiy bosh boshqarmalari tomonidan muomaladagi tanga va banknotlarga almashtirib berilishi mumkin.

Muomaladan qaytarib olinadigan eski namunadagi tanga va banknotlarning ayirboshlash muddati 2021 yil 1 yanvargacha etib belgilandi.

Bunda hisob-kitoblar mijozlar va aholining talabiga asosan:

  • bank plastik kartasi hisobvaraqlariga kirim qilinish orqali (to‘liq qiymatda);
  • muomaladagi tanga va banknotlarga ayirboshlab berish orqali;
  • mijozlarning tegishli hisobvaraqlariga, fuqarolarning arizasiga asosan omonatga kirim qilish orqali;
  • kommunal va boshqa bir martalik to‘lovlar uchun qabul qilish orqali amalga oshiriladi.

Ma’lumot uchun, 2019 yilning 1 iyulidan boshlab Markaziy bankning eski namunadagi (2001−2002, 2004 va 2009 yillar namunasidagi) 50 so‘mlik, 100 so‘mlik tangalari hamda (1994 yil namunasidagi) 50 so‘mlik va 100 so‘mlik banknotlari to‘lov qobiliyatini yo‘qotadi va muomaladan chiqarilgan edi.