Senat binosiga kirish qismida teplovizor ushlab turgan shifokorlar binoga kiruvchilarning sog‘lig‘ini aniqlamoqda, deb xabar beradi «Gazeta.uz» muxbiri.

28 fevral kuni Senatning ikkinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishga taklif etilgan muxbirlarimiz teplovizor bilan binoga tashrif buyuruvchilarni qarshi olayotgan shifokor bilan suhbatlashdi.

Gifokor Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tizimida faoliyat olib boradi. Uning aytishicha, teplovizor tashrif buyuruvchilarning tana haroratini aniqlash uchun ishlatilmoqda.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu holatga izoh berib, uni kuchaytirilgan choralardan biri sifatida tushuntirdi. Vazirlik xodimlari aholini koronavirus bilan bog‘liq epidemik vaziyatdan xavotirga tushmasdan, ogoh bo‘lishlarini ta’kidlashdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 82 ming nafardan oshib, 2800dan ortiq o‘lim holati qayd etildi.

«COVID-19 infeksiyasi bo‘yicha yuzaga kelgan bunday noxush vaziyat mazkur kasallikning yurtimizga chetdan kirib kelish xavfini oshirmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekistonda koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish borasida bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda», — deyiladi vazirlik tarqatgan xabarda.

Ta’kidlanishicha, ushbu maqsadda davlat chegaralarida 53ta sanitariya-karantin punktlari xalqaro mezonlar asosida faoliyat ko‘rsatmoqda. Punktlarda boshqa tarmoq xodimlari qatorida 250 nafardan ziyod malakali sanitariya-epidemiologiya xizmati mas’ullari belgilangan standartlar bo‘yicha ish olib bormoqda.

«Bundan tashqari, infeksiya keng tarqalgan mamlakatlardan kelgan har bir fuqaroni to‘liq 14 kunlik tibbiy kuzatuvga olish, birlamchi tibbiyot muassasalarining vrach va patronaj hamshiralari tomonidan gripp, O‘RI va o‘tkir pnevmoniya kasalliklarini erta aniqlash ishlarini tizimli tashkil etish bo‘yicha vazifalar yana bir bor qat’iy ko‘rsatib o‘tildi», — deyiladi xabarda.