28 fevral kuni Oliy Majlis Senatining ikkinchi yalpi majlis yig‘ilishi ish boshladi. «Gazeta.uz"muxbirining xabar berishicha, yig‘ilishda 17ta masala ko‘rib chiqilishi belgilangan. Senat raisi yig‘ilishda kirish nutqida ayrim masalalarga to‘xtalib o‘tdi, xususan u kambag‘allik haqida so‘zladi.

Norboyevaning ta’kidlashicha, O‘zbekiston tarixida birinchi marta kambag‘allikning borligi va aholining katta qismini tashkil etishi tan olindi. Ya’ni 4−5 million aholi kambag‘allikda yashamoqda.

«Mustaqillik tarixida O‘zbekiston kun tartibida bunday masala ko‘rilmasdi. Ushbu masalani ochiq-oydin aytish uchun, o‘tgan uch yilda tayyorgarlik olib borildi», — dedi u.

Senat raisi ushbu masala odamlarning dunyoqarashi bilan ishlashni taqozo etishi haqida gapirdi. Uning aytishicha, xalq — oriyatli, kambag‘allikni boshdan kechirsa-da, boshqaga aytmaydi.

«Mana shu odamlarga yordam berish, davlat tomonidan katta mablag‘lar ajratilishi rejalashtirilmoqda. Shu mablag‘larni o‘rinli ishlatish, yangi ish o‘rinlarni yaratish hamda yil yakuniga qadar aholi turmush tarzini yaxshilash vazifasi turibdi» , — deya munosabat bildirdi u.

Senat raisining ta’kidlashicha, ayni paytda mahalliy kengashlar a’zolari bo‘lgan senatorlar kambag‘al aholi ro‘yxatini shakllantirib, ularning sha’nini himoya qilgan holda aholini tadbirkorlikka yo‘naltirishi lozim.

Eslatib o‘tamiz, 27 fevral kuniO‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgandi. Videoselektor yig‘ilishida kambag‘allikni qisqartirish boradagi ishlarni tizimli tashkil etish masalalari ham muhokama qilingandi.

«Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 12−15 foiz yoki 4−5 million aholimiz kambag‘al. Bu ularning bir kunlik daromadi 10−13 ming so‘mdan oshmayapti, degani. Yoki bir oilada mashina ham, chorva ham bo‘lishi mumkin, lekin bir kishi og‘ir kasal bo‘lsa, oila daromadining kamida 70 foizi uni davolatishga ketadi. Xo‘sh bunday oilani o‘ziga to‘q deyish mumkinmi? Prezident sifatida meni odamlarimizning ovqatlanishi, davolanishi, bolalarini o‘qitishi, kiyintirishi kabi hayotiy ehtiyojlari nima bo‘layapti, degan savol har kuni qiynaydi», — degan edi Shavkat Mirziyoyev.