Kelgusi haftadan boshlab, O‘zbekiston va Janubiy Koreya aviatashuvi xizmati qisman cheklanadi. Transport hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari bilan ishlab chiqilgan ayni tartib hukumatga kelishish uchun kiritilgan, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz»ning hukumatdagi manbalari.

«Yangi tartibga ko‘ra, faqat Uzbekistan Airways ikki davlat o‘rtasida parvozlarni amalga oshirishi belgilangan. Vaziyatni mutaxassislar baholab boradi, agar sharoit taqozo etsa, milliy aviakompaniya ham parvozlarni to‘xtatadi», — deya ma’lumot berdi manba.

Ta’kidlanishicha, Toshkent-Seul-Toshkent yo‘nalishida parvoz qiluvchi samolyot jamoalari maxsus tibbiy yo‘riqqa asosan harakatlanadi. Shuningdek, Janubiy Koreyadan keluvchi har bir yo‘lovchi obdon tibbiy tekshiruvdan o‘tadi.

Payshanba kuni Seuldan kelgan HY514 reysi yo‘lovchilari Toshkent aeroporti xalqaro terminalining alohida zalida vaqtincha sanitariya izolyatsiyasiga joylashtirilgandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bir qator zarur profilaktik tadbirlar o‘tkazilgandan so‘ng, ularda koronavirus belgilari yo‘qligi tasdiqlangan.

Janubiy Koreya Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, 27 fevral kuni mahalliy vaqt bilan soat 9:00 holatida mamlakatda koronavirusga chalinganlar soni 1595 kishini tashkil etdi. Bemorlar bilan yaqin aloqada bo‘lgan 21 mingdan ziyod kishi tekshirilmoqda. 13 kishi olamdan o‘tdi.

Avvalroq O‘zbekiston hukumati Toshkentdan Jidda va Madinaga parvozlarni to‘xtatdi. Yaqin vaqtlarda Saudiya Arabistonidagi O‘zbekiston fuqarolarini olib kelish uchun bir qancha reyslar tashkillashtiriladi.