O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqalari agentligi prezidentning «Iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.

Hujjat loyihasida qayd etilishicha, bosh vazir, uning o‘rinbosarlari va O‘zbekiston prezidenti maslahatchilari boshchiligida davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh etish bo‘yicha Ishchi guruhlari tomonidan davlat ishtirokidagi korxonalar tanqidiy tahlil etilganligi hamda iqtisodiyotda ular ulushini keskin qisqartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqdi.

Davlat ulushi 0,01 foizdan 100 foizgacha bo‘lgan jami 1115 ta korxonani to‘liq xususiylashtirish taklif qilinmoqda. Ular orasida, jumladan yog‘-moy va vinochilik korxonalari, loyihalashtirish institutlari, deyarli barcha savdo, dehqon va avtomobil bozorlari (Markaziy ipodrom, Sergeli avtomobil bozori, «Qo‘yliq», «Farhod», «O‘rikzor», «Aviasozlar» va boshqalar), banklar, lizing kompaniyalari, futbol klublari («Paxtakor», «Neftchi», «Buxoro», «Dinamo», «Surxon», «Guliston»), gazeta tahririyatlari, Poytaxt biznes-markazi, Trest-12, O‘zbekiston mehmonxonasi, Toshshaharnur" Uzdigital TV va boshqalar.

Hujjat loyihasida ikki oy muddatda 2020−2025 yillar davomida davlat aktivlarini savdoga chiqarish, davlat ishtirokidagi korxonalarni qayta tashkil etish (davlat unitar korxonasidan aksionerlik jamiyatiga aylantirish) va ularning bir qismini tugatish jadvalini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. Ularni sotish shartlari va mexanizmlari sifatida auksion, tanlov, tender, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar orqali, IPO,SPO va boshqalar ko‘rsatilgan.

Avvalroq agentlik 13 ta yirik davlat kompaniyasi, jumladan, «O‘zbektelekom», «O‘zavtosanoat», «Toshshahartransxizmat», «O‘zbekiston temir yo‘llari» va boshqalarni qayta isloh qilishni taklif etdi.

Loyiha muhokamalari 12 martga qadar davom etadi.