Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining (DTM) «Gazeta.uz» va nashr muallifi Komil Jalilovga qarshi da’vosini qanoatlantirmadi.

DTM sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini himoya qilish hamda 200 mln so‘m miqdoridagi ma’naviy zararni undirish to‘g‘risida da’vo kiritgan edi.

27 fevral kuni sudya Guli Shukurlayeva raisligida bo‘lib o‘tgan sud majlisida sud DTM da’volarini qanoatlantirish uchun asoslar mavjud emasligi to‘g‘risida xulosaga keldi.

Hammasi nimadan boshlandi?DTM direktori Majid Karimov tomonidan imzolangan arizada qayd etilishicha, bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimovning 3 oktyabrdagi topshirig‘i bilan DTM mutasaddi hokimliklar va vazirliklar bilan 7−15 oktyabr kunlari Sirdaryo viloyatida maktab direktorlari, xalq ta’limi boshqarmasi va tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi xodimlarining rahbarlik qobiliyatlari va boshqaruv mahorati, metodistlar va o‘qituvchilarning tegishli fan bo‘yicha bilimlarini aniqlash yuzasidan test sinovlarini tashkil etgan. Sinovlarda DTM bazasidagi topshiriqlardan foydalanilgan.

4 dekabr kuni «Gazeta.uz» saytida rus tilida «O‘qituvchini o‘qitish: XTVning pedagoglar malakasini oshirish bo‘yicha rejalari» («Nauchit uchitelya: Planы MNO po povыsheniyu kvalifikatsii pedagogov») sarlavhali maqola e’lon qilindi. Unda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Sirdaryo viloyatidagi 12261 nafar pedagog va maktab direktorining 66 foizi qonaqarsiz baho olgani ma’lum qilindi. Matbuot anjumanida ishtirok etgan «Gazeta.uz» kolumnisti Komil Jalilov xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarovga bir qator savollar berdi.

«Gazeta.uz»: Siz Sirdaryo viloyatida o‘qituvchilar test sinovlarida past ko‘rsatkichlarga erishdi, dedingiz. Mana o‘qituvchilarga adabiyot fanidan berilgan test savollari namunalari: «Shoirning tarbiyasi bilan kim shug‘ullangan?» Javoblar: «opasi», «akasi», «bobosi», «buvisi». Bu savolda gap qaysi shoir haqida ekani aytilmagan. Boshqa savollar: «Chexovning hikoyasida yo‘g‘on ingichka bilan xayrlashayotganda nechta barmog‘ini bukadi?» Javoblar: «1», «2», «3», «4″. Yana bir namuna: „Kapitan qizi»da bosh qahramon onasining ism-sharifi nima?“ Yuliya Vasilevna, Viktoriya Vasilevna, Avdotya Vasilevna, Anna Vasilevna». Ehtimol, bunday sifatdagi savollar sinov natijalarining past bo‘lishiga olib kelgan sabablardan biridir?

Alisher Umarov: O‘qituvchilardan test olishda biz Davlat test markazining OTMlarga kirish imtihonlaridan foydalaniluvchi topshiriqlar bazasidan foydalanishga majbur bo‘ldik. Davlat test markazi bu savollarni maktab darsliklari asosida tuzadi. Test topshiriqlari sifati bo‘yicha juda ko‘p e’tirozlar kelib tushadi, lekin biz o‘lchash uchun yagona uslub kerak, biroq bizda hozircha ta’lim sifatini baholashning yagona tizimi yaratilgani yo‘q.

DTM o‘z arizasida qayd etishicha, Komil Jalilovning savolidagi test topshiriqlari namunalari DTM bazasida mutlaqo mavjud emas va ulardan test olishdan foydalanilmagan.

Matbuot anjumanida tilga olingan va OAVda e’lon qilingan ushbu axborot DTM tomonidan «asossiz» va «ochiqdan-ochiq yolg‘on» bo‘lib, biror bir hujjatga, dalilga yoki faktga asoslanmagan. Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, yuqorida tilga olingan test topshiriqlari DTM savollar bazasida mutlaqo mavjud emas.

«„Gazeta.uz“ internet sahifasida e’lon qilingan maqola Davlat test markazi rahbariyati va xodimlariga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ularning mehnat unumdorligining kamayishiga, asabiylashishiga olib keldi. Shu sababli Davlat test markazi „Gazeta.uz“ elektron ommaviy axboro vositasi va Komil Jalilov tomonidan yetkazilgan ma’naviy zarar miqdorini 200 mln so‘m deb baholaydi», — deyiladi arizada.

SudSud majlislari 14 va 24 yanvar, 10, 26 va 27 fevral kunlari bo‘lib o‘tdi. «Gazeta.uz» DTMga nizoni sudgacha hal qilishni taklif qildi, ammo javob olmadi. Markaz, shuningdek, qonunchilikda nazarda tutilganidek raddiyani e’lon qilish uchun ham nashrga murojaat qilmadi, darhol sudga murojaat qilishga qaror berdi. Eslatib o‘tamiz, «Gazeta. uz» avvalroq DTMning Komil Jalilov materiallariga bergan javoblarini rad etmagan va ularni saytda e’lon qilgan edi.

Jarayonda Komil Jalilov tomonidan tilga olingan o‘qituvchilar uchun test topshiriqlarining haqiqiy ekanligi va ular DTM emas, balki «Oliy Maktab» nodavlat ta’lim muassasasiga tegishli ekanligi isbotlandi. Bu «Gazeta.uz» muallifi matbuot anjumanida e’lon qilgan test topshiriqlarini o‘ylab chiqarmaganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, Komil Jalilov testlarni kimga tegishli ekanligini bilmasligini ta’kidladi, chunki DTMga pedagoglar uchun test topshiriqlarini ishlab chiqish to‘g‘risidagi hukumat topshirig‘i ochiq ma’lumotlarda mavjud emas edi.

Bundan tashqari, «Gazeta.uz» matbuot anjumanidagi savol va javoblar stenogrammasi va audioyozuvlarini taqdim etdi. DTM advokati Abror Yusupov savol va javoblar stenogrammasi audiyozuvdan farqli ekanini qayd etdi. Markaz himoyachisi audioyozuvga tayangan holda Komil Jalilov testlar DTM tomonidan ishlab chiqilganini bilganini ta’kidlab o‘tdi.

Komil Jalilov reportaj haqida yozish vaqtida xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarov ma’ruzasining bir qismini qisqartirgan, biroq bu uning mohiyatini o‘zgartirmagan. Bundan tashqari, u xodimlarning sha’ni va qadr-qimmati va markazning ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan so‘zlar yoki iboralarni ishlatmadi, shuningdek, testlar DTMga tegishli deb da’vo qilmadi. Sirdaryo viloyatida o‘qituvchilarni sinovdan o‘tkazishda DTM topshiriqlar bazasidan foydalanilganligi haqida esa XTV vakili gapirgan.

«Gazeta.uz» va Komil Jalilov DTM xodimlarini haqorat qilish yoki markazning obro‘siga putur yetkazishni maqsad qilmagan. Nashr muallifi o‘z savollari bilan testlarning sifatiga e’tibor qaratmoqchi edi, chunki Sirdaryo viloyatidagi 12261 nafar o‘qituvchi va maktab direktorlarining 66 foizi qoniqarsiz deb baholagan. Sinovlarning klassik nazariyalariga ko‘ra, bunday sinov natijalari normal taqsimot qonuniga mos kelmaydi. Qoida tariqasida, bunday hollarda test natijalarini tuzadigan tashkilot test natijalarini e’lon qilishdan oldin ularning sifatini qaytadan tekshirishi kerak.

«Gazeta.uz» Komil Jalilovning ta’lim sohasi, jumladan, test tizimi muammolariga bag‘ishlangan qariyb 30 ta maqolasini e’lon qildi. Ularda shaxsiy fikrlari keltirilmagan yoki muallif DTM xodimlari va rahbarlariga baho bermagan, ular haqorat qilinmagan. Maqolalarda muammolar asosli ravishda tahlil qilinib, ularni hal etish bo‘yicha takliflar ilgari surilgan.

«Gazeta.uz» advokati Feruza Ro‘zimbetova DTM xodimlariga ma’naviy zarar yetkazilgani haqidagi holat tilga olinganini asossiz va mantiqsiz holat deb atadi. Jumladan:

  • DTM xodimlar mehnat unumdorligi pasayganini 200 million so‘mlik ma’naviy zarar uchun asos sifatida keltirdi, biroq buni isbotlaydigan hech qanday dalillarni, shu jumladan mehnat unumdorligi koeffitsiyenti, ma’lum bir davrda pasayish darajasi va dinamikasi yoki boshqa asoslarni keltirmadi.
  • DTMning qayd etishicha, xodimlar ushbu maqola nashr etilishi tufayli tushkunlikka tushgan va bosim ostida bo‘lgan. Psixologik bosim tashkilotga emas, balki xodimga yetkazilgan zarar sifatida qaralishini hisobga olsak, DTM maxsus vakolatlarsiz boshqalar nomidan sudga murojaat qilishga haqli emas.

Advokatning ta’kidlashicha, sud jarayonida ishtirok etmayotgan jismoniy shaxslarning (DTM xodimlari)

mulkiy bo‘lmagan zararni yuridik shaxs foydasiga undirish to‘g‘risidagi talab, bundan tashqari, protsessda ishtirok etmaydigan shaxslarning (MTK xodimlari) qiynalishi va azoblanishi asosida yuridik shaxs foydasiga ma’naviy zarar undirish to‘g‘risidagi talab qonunga ham, mantiqqa ham to‘g‘ri kelmaydi.

Sud majlislarida «Gazeta. uz»ni qo‘llab-quvvatlash uchun Milliy ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori Xushnudbek Xudoyberdiyev so‘zga chiqib, sudga OAV faoliyati tartiblari haqida ma’lumot berdi, shuningdek nashr va muallifning aybsizligini qayd etib, DTM talablarining yuridik jihatdan asossiz ekanini tushuntirib o‘tdi. U markazning harakatlarini jurnalistlarni taqib qilish sifatida ko‘rilishi mumkinligini ma’lum qilib, da’voni qanoatlantirishdan to‘liq voz kechishga chaqirdi.

Sud jarayonini kuzatuvchi sifatida Kun.uz va Daryo.uz muxbirlari ham ishtirok etdi.

O‘z navbatida, «Gazeta.uz» va Komil Jalilov Davlat test markaziga qarshi sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini himoya qilish to‘g‘risida javob da’vosini kiritdi. Da’vo tafsilotlari haqida keyinroq ma’lum qilinadi.