Senatorlar «O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risida"gi qonunni ma’qullab ovoz berishdi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz"muxbiri.

Qo‘mita raisi Batir Matmuratov ma’ruza qilib, qonun mohiyati va ahamiyati haqida gapirib o‘tdi. Uning aytishicha, qonun bilan fuqarolik olish tartibi soddalashtiriladi.

Qonunning 6-moddasiga muvofiq, 1995 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekistonga kirib kelib, doimiy ro‘yxatdan o‘tgan, xorijiy davlat fuqaroligini qabul qilmagan va ushbu qonun kuchga kirgunga qadar O‘zbekistonda yashash guvohnomasi asosida istiqomat qilgan shaxs istak bildirgan taqdirda O‘zbekiston fuqarosi sifatida tan olinadi.

«Ma’lumki, 1991 yildan 2020 yil fevralgacha 11 ming 647 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilingan bo‘lsa, ularning 96 foizi 2016 dekabrdan joriy yil fevral oyi oralig‘ida fuqarolik maqomiga ega bo‘lgan. Amaldagi «O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risida"gi qonun1997 yilda qabul qilingan bo‘lib, aksariyat normalari zamon talabiga javob bermaydi. U ma’nan eskirgan, bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlarga javob bermasligini bilamiz», — dedi senator Matmuratov.

Qonunda yashash guvohnomasi, xorijiy davlat fuqarosi, xorijda doimiy yashovchi shaxs, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs tushunchalariga sharh berilgan. Qonunning asosiy prinsiplari etib, yagona fuqarolik, teng huquqlik, fuqarosizlikni qisqartirish va ochiqlik tamoyillari belgilandi.

Matmuratovning aytishicha, qonunda tug‘ilgan joyi yoki ota-onasining fuqaroligi bo‘yicha xorijiy davlat fuqarosi bo‘lgan bolalarning O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilish tartibi belgilandi. Shuningdek, fuqarolikni yo‘qotishga sabab bo‘ladigan sabablarsiz konsullik ro‘yxatida turmaslik muddati 5 yildan 7 yilga uzaytirildi.

«Fuqarolikka qabul qilishning asosiy shartlaridan biri sifatida davlat tilini yetarli darajada bilish bo‘yicha talablar joriy etildi», — dedi senator.