«Yuksalish» Umumilliy harakati O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi taklif etgan Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tartibi to‘g‘risida nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qaror loyihasi yuzasidan munosabat bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, hujjatda ta’lim oluvchilarning kiyimiga turli din va konfessiyalar hamda turli submadaniyatlarga mansublikni aks ettiruvchi elementlarni (hijob, kipa, kashaya, xoch va boshqalar) qo‘shishga hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga xos bo‘lgan harbiy va idoraviy formali kiyim-bosh kiyib yurishga yo‘l qo‘ymaslik taklif qilinmoqda.

«Ta’lim sifatiga, eng avvalo, pedagog kadrlarning va xizmat ko‘rsatuvchi personalning malakasi, o‘quv dasturining samaradorligi, zarur resurslar va kerakli moddiy-texnik baza bilan ta’minlanganligi kabi omillar ta’sir ko‘rsatadi, — deb hisoblagan „Yuksalish“ bir qator savollarni o‘rtaga tashlaydi: Ushbu jarayonlarga o‘quvchining tashqi ko‘rinishi qanday ta’sir o‘tkazishi mumkin? Loyiha tashabbuskorlarida maktab o‘quvchisining „imijiga“ qo‘yilayotgan talablarni tasdiqlovchi o‘tkazilgan tadqiqot natijalari yoki boshqa faktlar mavjudmi?»

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, farzandlarni voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga ota-onalar majburdirlar, ta’lim muassasalari emas.

Bayonotda qayd etilishicha, nodavlat ta’lim muassasalari o‘quvchilarining tashqi ko‘rinishiga qat’iy talablar qo‘yilishi bolalarning tanlash va o‘zini ifoda etish erkinligini cheklashga olib keladi. Ular o‘zlari istaganicha kiyinish huquqiga egadirlar, albatta, umumiy qabul qilingan axloqiy me’yorlar doirasida.

«Masalan, kiyim juda tor yoki keng bo‘lmasligi kerak, degan talab. Ushbu mezon sub’ektivdir. Qizlarning yubkalari yoki o‘g‘il bolalar shimlarining uzunligi, mahkamlangan tugmalar soni, poyabzal poshnasining balandligi… O‘quvchiga ilm o‘rgatish, uni mavzuga qiziqtirish o‘rniga o‘qituvchilar chizg‘ich bilan yurib, etak va shimlarning uzunligini o‘lchaydilarmi? Bolalarni tanlash imkoniyatidan va o‘zini ifoda etish imkoniyatidan mahrum etish orqali ularning ruhiyatiga zarar etkazib qo‘yish va umuman ta’lim tizimiga nisbatan nafrat uyg‘otish mumkin. O‘quvchining tashqi ko‘rinishini huquqiy jihatdan tartibga solish qanchalik to‘g‘ri?» — deya savol berdi «Yuksalish».

Bundan tashqari, hujjatning o‘zida bir qator nomuvofiqliklar mavjud. Masalan, 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilarning davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasasiga maktab formasida kelishlari ixtiyoriy, 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab esa majburiy ekanligi qayd etilgan. Nima sababdan 2020 yil 22 fevral kuni e’lon qilingan loyihada allaqachon yakunlangan 2018/2019 o‘quv yilini ko‘rsatilmoqda?

Mualliflar yakunda hujjat tashabbuskorlari qonunchilikka kiritilishi taklif etilayotgan ushbu o‘zgarishlar yuzasidan asoslantirilgan sabablar taqdim eta olishlariga umid bildirdi.