Furqat Sidiqxo‘jayevich Mahmudxo‘jayev Toshkent hokimligi matbuot xizmati rahbari — hokimning axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi, deya xabar qildi poytaxt ma’muriyati matbuot xizmati.

Tayinlovga qadar 2018 yilga qadar u Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Toshkent shahar kengashi raisi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

Furqat Mahmudxo‘jayev (1965 y. t.) — Toshkent davlat texnika universitetini (1989) muhandis-texnolog mutaxassisligi bo‘yicha hamda Toshkent kimyo texnologiya instituti aspiranturasini tamomlagan (1989 — 1991). O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Mirobod tuman qo‘mitasining birinchi kotibi (1996−2001), «Kamolot»ning Toshkent shahar bo‘limi raisi (2001−2006), Taekvon-do ITF milliy assotsiatsiyasi vitse-prezidenti (2006−2008), «Poytaxt Jamoli Xalqaro biznes markazi» korxonasi direktori (2007−2009) lavozimlarida ishlagan.

Bundan tashqari, u «O‘zbeknavo» estrada birlashmasi bosh mutaxassisi, bo‘lim boshlig‘i (2009−2010), «O‘zbeknavo» bosh direktorining o‘rinbosari (2010−2012), «Mahalla» jamg‘armasi Toshkent shahar bo‘limi raisining o‘rinbosari (2012−2013), Toshkent shahar hokimiyati huzuridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari (2013−2017), Vazirlar Mahkamasining madaniyat, san’at va yoshlar siyosati bo‘yicha axborot-tahlil departamenti yetakchi mutaxassisi (2017−2018) lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

2018 yil fevralidan 2019 yil apreligacha matbuot xizmatiga Husniddin Ergashev rahbarlik qildi. U «Yoshlar» teleradiokanali direktori etib tayinlanganidan buyon lavozim vakant bo‘lib qolayotgan edi.