O‘zbekistonda koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida Seuldan kelgan HY514 reysi yo‘lovchilari Toshkent aeroporti xalqaro terminalining alohida zalida vaqtincha sanitariya izolyatsiyasiga joylashtirildi. Bu haqda Uzbekistan Airways matbuot xizmati xabar qildi.

Xabarda qayd etilishicha, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bir qator zarur profilaktik tadbirlar o‘tkazilgandan so‘ng va SARS belgilari yo‘qligi tasdiqlangandan so‘ng,yo‘lovchilar karantin xonasidan chiqib ketishlariga ruxsat beriladi.

Avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Xitoy bilan bir qatorda Koreya Respublikasi, Yaponiya, Eron, Italiya va ba’zi boshqa davlatlarda bemorlar soni ortayotganini ma’lum qilib, xizmat, turizm va boshqa maqsadlarda xorijga chiqishni rejalashtirayotgan hamyurtlarni safardan oldin sog‘liqlari uchun tahdidlarni diqqat bilan o‘ylab ko‘rish, mamlakatdagi epidemiologik holatni o‘rganish va safar chog‘ida shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi. Shuningdek, jamoaviy tadbirlarda ishtirok etishdan tiyilish, odamlar to‘planadigan joylarda barcha ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish zarurligi eslatib o‘tildi.

Janubiy Koreya Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, 27 fevral kuni mahalliy vaqt bilan soat 9:00 hoatida mamlakatda koronavirusga chalinganlar soni 1595 kishini tashkil etdi. Bemorlar bilan yaqin aloqada bo‘lgan 21 mingdan ziyod kishi tekshirilmoqda. 13 kishi olamdan o‘tdi.