Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida 2020 yil 1 maydan 2021 yil 1 maygacha soliq ma’muriyatchiligining alohida tartibi sinovdan o‘tkaziladi, deya xabar qildi Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati. Bu Vazirlar Mahkamasining 20 fevraldagi qarorida belgilab berildi.

Toshkent viloyati yuqori sayyohlik salohiyatiga ega mintaqadir. Mahalliy va chet ellik mehmonlar uchun jozibali sayyohlik joylarining ko‘p qismi Bo‘stonliq tumanida joylashgan. Shu sababli tajriba uchun aynan mazkur tuman tanlandi.

Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, suv transporti, suv mototsikllari, qorda yuradigan texnika vositalari, kvadratsikllar, paraplan va deltaplanlar, shuningdek, supa, so‘ri va shunga o‘xshash dam olish joylari jismoniy shaxslarning daromad manbai hisoblanadi va soliqqa tortiladi.

Tajriba davrida jismoniy shaxslar tomonidan dam olish uylari, yashash uchun mo‘ljallangan turar joylar va boshqa ayrim mol-mulklar maxsus guvohnoma asosida ijaraga beriladi.

Mazkur guvohnoma soliq organlarining tayanch punktlari tomonidan mulk egasiga bepul taqdim etiladi.

«Ushbu yangiliklar davr talabi, — deydi DSQ boshqarma o‘rinbasari Sulton Obidov. — Bu o‘zgarishlar Toshkent viloyatida turistik xizmatlar ko‘lamini yaxshilash, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va soliq solinadigan ob’ektlarni hisobga olish tartibini soddalashtirishga qaratilgan. Shu bois, DSQ mutaxassislari Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mutasaddilari bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan».

Yaqin kunlarda Bo‘stonliq tumanining G‘azalkent shahri, Do‘stlik, Sijjak va Novobod mahalla fuqarolar yig‘ini hududlarida 4 ta soliq tayanch punkti tashkil etiladi. Ularda faoliyat yuritadigan xodimlar ushbu qarorda ko‘rsatilgan va soliqqa tortiladigan ko‘char va ko‘chmas mulk ob’ektlarini hisobga oladi.

Tajribadan maqsad soliq to‘lovchilar tomonidan o‘z majburiyatlarini vaqtida, to‘liq va to‘g‘ri bajarilishini ta’minlashdir.

Ushbu tartib-qoidalar tadbirkorlik sub’ekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan holda oilaviy mehmon uylari va ayrim mol-mulk turlarini ijaraga berish bilan shug‘ullanadigan jismoniy shaxslarga tatbiq etilmaydi.

To‘plangan ma’lumotlar faqat Davlat soliq qo‘mitasining ma’lumotlar bazasida aks etibgina qolmay, balki hamma uchun ochiq bo‘ladi.

Buning uchun DSQ Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Yagona elektron platformani ishlab chiqmoqda.

Dam olish xizmatlarini ko‘rsatish faqat ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnoma asosida amalga oshiriladi.

Tajribani sifatli o‘tkazish uchun o‘quv kurslari doirasida yuzdan ortiq soliq xizmati xodimlari maxsus tayyorgarlikdan o‘tadi.