Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili Ulug‘bek Muhammadiyev huquq-tartibot organlari tomonidan tergovda qo‘llanishi iddao qilinayotgan qiynoqlarga barham berish uchun yagona tergov qo‘mitasini tuzish taklifini bildirdi. U bu haqda parlamentga yetkazgan hisobotida qayd etgan, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Ma’lum qilinishicha, Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili — ombudsmanga 2019 yilda kelib tushgan murojaatlar orasida shaxsiy huquqlar va erkinliklar toifasiga mansub shikoyatlar ko‘p uchragan. Xususan, ombudsman manziliga 4800dan ortiq ushbu mazmundagi murojaatlar kelib tushgan.

Uning aytishicha, yashash, erkinlik va daxlsizlik huquqi, o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan himoyalanish huquqi, huquq-tartibot organlari tomonidan tezkor-qidiruv faoliyati hamda huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan bog‘liq murojaatlar soni ko‘paygan.

Foto: Alisher Ro‘zioxunov / «Gazeta.uz»

«Parlament nazorati sub’ekti sifatida 900dan ortiq shikoyatlar nazoratga olindi va ularning 30 foizdan ortig‘i ijobiy yechimga ega bo‘lgan. Shikoyatlarni ko‘rib chiqish natijasida 17ta holat bo‘yicha tekshiruv o‘tkazildi, 24ta holatda jinoyat, 21ta holatda ma’muriy, 65ta intizomiy ishlar qo‘zg‘atildi», — dedi u.

Ombudsmanning qayd etishicha, turli vazirlik va idoralar, xususan ta’lim muassasalari xodimlarining 28 nafari, Sog‘liqni saqlash vazirligidan 15 nafar, IIV xodimlarining 20 nafari, 7 nafar MIB xodimi va boshqa tashkilotlardan 15 nafar xodim javobgarlikka tortildi.

Muhammadiyevning bildirishicha, ba’zi holatlarda tergov xonasida mavjud yozuv kameralari o‘chirib qo‘yilgan yoki maxsus xonadan tashqarida qiynoqlarni qo‘llab, ayblanuvchi tergov qilingan. Bunday holatlar nazoratga olinadi, prokuraturaga yuboriladi.

«Afsuski, vakolatli organlar javobida murojaatda ko‘rsatilgan vajlar o‘z isbotini topmagani aytiladi. Shuning uchun, o‘z hisobotimda alohida va yagona tergov qo‘mitasini tuzishni taklif etdim. Parlament buni inobatga olishi majburiy xarakterga ega emas. Ammo eng ko‘p murojaat ham tergovga oid, qiynoqlar qo‘llanishi va huquqlar buzilishi murojaatlarda ko‘p takrorlanyapti», — deya fikrini bildirdi u.

Bunga qadar, «Adolat» SDP ham ushbu taklifni saylovoldi kampaniyasida bildirgandi. Endilikda partiya o‘z taklifini ijtimoiy tarmoqlarda qayta e’lon qildi.

Partiya xabariga ko‘ra, adolatsizlik adolatni ta’minlovchi idoralar tomonidan sodir etilsa, bir necha karra og‘riqli bo‘ladi. Bu kabi holatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarda amalga oshirilgan islohotlar bugungi kun shiddatidan ortda qolayotganini anglatadi. Shunga muvofiq, partiya dastlabki tergov organlarining tarqoqligi natijasida inson huquqlarining buzilishi holatlari yuz berayotganligi saylovchilarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lishini e’tirof etgan.

«Ushbu holatni bartaraf qilish maqsadida, o‘z saylovoldi dasturida mamlakatda yagona tergov organi — tergov qo‘mitasini tashkil etish tashabbusini ilgari surgandi. Bu kabi holatlar ushbu tashabbusni amalga oshirish vaqti kelganini ko‘rsatadi», — deyiladi xabarda.