O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24- fevral kuni moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga (MHXS) o‘tish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Qarorda aksiyadorlik jamiyatlari, tijorat banklari, sug‘urta tashkilotlari va yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritilgan yuridik shaxslar 2021- yil 1- yanvardan boshlab MHXS asosida buxgalteriya hisobi yuritilishini tashkil etishi belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga 2020- yildan boshlab davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari va davlat korxonalarining MHXS asosida buxgalteriya hisobini yuritish va moliyaviy hisobotni tayyorlashga o‘tish jadvalini har yili tasdiqlash va 1- iyunga qadar rasmiy veb-saytida e’lon qilishni ta’minlash topshirildi.

Moliya vazirligi MHXSni joriy etish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi. Buning uchun vazirlik tuzilmasida maxsus bo‘lim tashkil etiladi.

2020−2025- yillar davomida akkreditatsiyadan o‘tgan o‘quv markazlarida MHXS bo‘yicha o‘qitish, malaka oshirish, interfaol usullarni qo‘llagan holda o‘qitish, shuningdek, buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida O‘zbekistonda dastlabki ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlari respublika byudjeti hisobidan qoplanadi.

Xalqaro buxgalter sertifikatiga ega bo‘lgan talabgorlar oliy ta’lim muassasalari magistraturasining “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” mutaxassisliklariga kirish imtihonlarini topshirmasdan to‘lov-kontrakt asosida kirish huquqiga ega bo‘ladi.