O‘zbek dublyajining yorqin vakillaridan biri G‘aybulla Hojiyev 64 yoshida vafot etdi. Bu haqda «O‘zbekkino» Milliy agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Taniqli kino, teatr va dublyaj aktyori 1956 yilda Buxoroyi Sharifda tug‘ilgan. 1973−77 yillarda Toshkent davlat San’at institutida tahsil olgan.

1976 yilda Abror Hidoyatov teatrida ish boshlagan. 1987 yildan Hamza nomidagi o‘zbek davlat akademik teatrida faoliyatini boshlagan.

Aktyor shoir Azim Suyunning «Sarbadorlar» asarida Abu Bakr Kalaviy, Abdulla Oripovning «Sohibqiron» asarida Xoja Ahmad Yassaviy, Abdulla Qodiriyning Mehrobdan chayon" spektaklida Solih mahdum, Ibrohim Sodiqovning «Afandining besh xotini» spektaklida Afandi, Hayitmat Rasulning «Piri koinot» spektaklida Ahmad Farg‘oniy, Shekspirning «Qirol Lir» asarida graf Gloster, Aleksandr Kosanoning «Yetti faryod» spektaklida Sabalo kabi o‘nlab rangbarang rollar ijro etgan.

Og‘ir xastalik tufayli teatrdan ketishga majbur bo‘lgan. Ammo, ijoddan to‘xtamay, turli tele va radio loyihalarda muntazam ishtirok etgan.

G‘aybulla Hojiyev «Uqubat», «Shabbona», «Umid», «Oqpadar» kabi ko‘plab filmlarda turli rollarni ijro etgan, Aktyor «Shaytanat» teleserialida Ahmadbey rolini o‘ynagan.