25 fevral kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining yig‘ilishida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi ikki o‘qishda qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, to‘y, ma’raka va boshqa marosimlarni o‘tkazish tartibini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Bu haqda yig‘ilishda ishtirok etgan «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

Qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati kengashlarining 2019 yil 14 sentyabrdagi qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarning ixcham o‘tkazilishini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturiga asosan tayyorlangan.

Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz».

Parlament quyi palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov o‘tgan yili parlament ushbu masalani tartibga soluvchi nizom qabul qilgani, ammo bir vaqtning o‘zida tartib buzganlik uchun javobgarlik belgilanmaganiga izoh berdi.

«Ikki palata tayyorlagandan keyin, nizomning o‘zi qonun bilan tenglashtirilgan. Tartibni buzganlik uchun javobgarlik masalasi birdan qabul qilinmadi. Chunki hujjatning o‘zi jamiyatda profilaktik ishlarni olib bordi», — dedi u.

Qonun loyihasiga muvofiq, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 191−1-moddasi («To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazish tartibini buzish») bilan to‘ldirilmoqda.

Belgilangan tartibni mazkur tadbirlarni o‘tkazuvchi shaxs tomonidan buzish bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida (2,23 mln so‘m) jarima solishga sabab bo‘lishi nazarda tutilyapti. To‘yxona, kafe va restoranlarning mansabdor shaxslari tomonidan bu tartibning buzilishi esa bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida (6,69 mln so‘m) jarima solishga sabab bo‘ladi.

Nazarda tutilgan huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida (11,5 mln so‘m) jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.

Taklif etilayotgan normalar quyi palatadagi siyosiy partiyalar fraksiyalari o‘rtasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Foto: Alisher Ro‘zioxunov / «Gazeta.uz».

Bahs-munozaralarda ayrim deputatlar, xususan «Milliy tiklanish» demokratik partiya fraksiyasi yetakchisi Alisher Qodirov to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazish tartibini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni aholiga emas, balki mutasaddi rahbar, vakolatli mas’ullar uchun kuchaytirish lozimligini ta’kidladi.

«Biz istayapmizki, odamlar tartib va qonunga amal qilsin. Agar belgilangan tartibga bo‘lgan talabga rioya etilmasa, jazolanadi. Lekin to‘y va marosimlar bizning ajralmas qismimiz. Qonun kuchga kirib, amalga tatbiq etilsa, to‘yga keluvchi odam soni sanaladi. Biz faqat tashkiliy jihatdan yaxshi o‘tadigan to‘ylarni tasavvur qilyapmiz. Hududlarda to‘yga keluvchilarning sanog‘ini chiqarishda qanday jihatlarga e’tibor qilish ham muhim. Manfaatlar to‘qnashib, kelishmovchiliklar yuzaga kelishi mumkin. Shu bois jazoni aholiga emas, to‘ylarni o‘tkazadigan joylarga qaratish lozim, deb bilaman», — dedi u.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilishi taklif etilayotgan huquqbuzarlikni aniqlash, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzish hamda o‘rnatilgan tartibda ma’muriy sudga yuborish masalasini ichki ishlar organlariga yuklash nazarda tutilmoqda. Shu tufayli, Qodirov so‘zlarini Oltinsoy tumanida yuz bergan aholi va davlat idora xodimlari to‘qnashuvi bilan ifoda etdi.

«Aholimizni yer masalalari oid muammolar juda qiynab turibdi. Olti ming gektardan ortiq yerlar noqonuniy egallab olingan. Biz ham bu o‘rinda odamlarni aybdor ko‘rsatishni istamaymiz, ammo kim xato qilgan? Hokimiyatlar, kadastr va vakolatlari organlar ichida poraxo‘rlik bor, tovlamachilik bor. Ammo amalda, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda katta muammo qarshisida turibmiz. Aholi keskin o‘sish darajasi kuzatilmoqda, suv va yer maydonlari esa kamayib ketmoqda. Aynan shundan kelib chiqib, taklif qilyapmizki, odamlarning huquqiy madaniyatini shakllantirishga mutanosib bo‘lgan jazo metodlari kerak. Odamlar o‘z huquq va majburiyatlarini anglab yetsin. Mutanosiblikka erishmay, jazoni kuchaytiraverish jamiyatdagi hozirgi keskinlikni keltirib chiqaradi. Bunga yaqqol misol — yana yer masalasi. Bunga o‘xshash holatni to‘ylar ham keltirib chiqarmasligi kerak», — deya fikrini bildirdi Alisher Qodirov.

Boshqa deputatlar esa, ko‘zda tutilayotgan jarima miqdorlarini yanada keskin oshirish bu boradagi tartib-intizomni ta’minlashda muhim omil bo‘lishini qayd etdi. Marg‘ilonlik deputat Doniyor G‘aniyev dabdabali to‘y o‘tkazish tartibini buzish holati, katta ehtimol bilan, yuqori mansabli amaldorlar tarafidan buzilishini ta’kidladi.

Foto: Alisher Ro‘zioxunov / «Gazeta.uz».

"Tartib samarali ishlashi uchun mansabdor shaxslar namuna ko‘rsatishi kerak. Chunki dabdabali to‘ylar asosan mansabdor shaxslar tomonidan amalga oshiriladi va e’tirozlarga sabab bo‘ladi. Qolaversa, bu korrupsiyaga ham bog‘lanadi. Shuning uchun tartibbuzar to‘y egasiga qo‘yiladigan jazo, ya’ni jarima miqdori oshirilsin. Restoran va kafe egalari esa tartibni bir yil ichida uchinchi marta buzgani uchun og‘irlashtiruvchi holat nazarda tutilmagan. Vaholanki, bu qo‘shimcha 10 mln so‘m xarajat bo‘lib qoladi, xolos", — dedi u.

Toshkent viloyatidan saylangan deputat Maqsuda Vorisova ham kafe va restoran egalari tartib buzgan taqdirda belgilangan jarima jazosi yetarli ta’sir kuchiga ega emasligini qayd etdi.

«Chunki bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravaridagi jarima 6 mln so‘mdan ziyod bo‘ladi va ular bu to‘lovni to‘y egalari zimmasiga yuklaydi. To‘yxona egasi uchun jarima jiddiy miqdorda bo‘lishi kerak, ya’ni bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravariga oshirilishi lozim. To‘ydan tashqari, to‘ygacha va undan keyin qariyb bir yil davom etadigan dabdabali marosimlarga ham ta’sirchan chora ko‘rish maqsadga muvofiq bo‘ladi», — dedi Maqsuda Vorisova.

Deputat Zafar Xudoyberdiyevning aytishicha, to‘y va boshqa marosimlarni o‘tkazish uchun yiliga 5−6 mlrd dollar sarflanadi. U qonun loyihasida tartibga bo‘ysunmagan to‘y egalarini bir yil ichida takroriy javobgarlikka tortilmasligiga qiziqdi.

«Asosiy maqsad — profilaktika ishi. Javobgarlikka tortib, hisobotni oshirish emas, maqsadimiz aynan odamlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash. Bir yil ichida takroriy tartibbuzarlik qilgan shaxslar yana shu modda bo‘yicha javobgarlikka tortiladi», — deya javob berdi adliya vaziri Ruslanbek Davletov.