25-fevral kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida “Mahalla tizimi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida“gi qonun loyihasini yoqlab 140 nafar deputat ovoz berdi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi Shuhrat Bafoyev qonun loyihasi mazmuni bilan tanishtirib, uni himoya qildi.

Qonun loyihasiga muvofiq, 22-mart mahalla tizimi xodimlari kuni etib belgilanishi mumkin. Qonun loyihasi Senatga yuborildi, shundan so‘ng u prezident tomonidan imzolanishi lozim.

Shavkat Mirziyoyev 18-fevral kuni “Jamiyatda ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzolagandi.

Hujjatga muvofiq, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda uning Qoraqalpog‘iston, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) bo‘linmalari tashkil etildi.

Jamiyatda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilining to‘laqonli va samarali joriy etilishida har tomonlama ko‘maklashish, oilalar va mahallalardagi ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan yaqin hamkorligini o‘rnatish vazirlikning asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri lavozimiga Rahmat Mamatov ma’qullangan.

Ma’lumot uchun, har yili 21-mart kuni respublikada Navro‘z umumxalq bayrami sifatida nishonlanadi.