O‘zbekiston Adliya vazirligi qonunchilikka fuqaroning tasviriga bo‘lgan huquqini himoya qilish to‘g‘risidagi me’yorni kiritish taklif qilingan qonun loyihasini muhokama uchun e’lon qildi.

Hujjatga ko‘ra, Fuqarolik kodeksiga 100−1-modda (fuqaroning tasviriga bo‘lgan huquqini himoya qilish) bilan to‘ldirish rejalashtirilmoqda.

Unda: «Fuqaroni tasvirga (shu jumladan, foto tasvirini hamda uning tasviri aks etgan video tasvir yoki tasviriy san’at asarini yaratish) tushirish, shuningdek uning tasviridan foydalanish uchun ushbu fuqaroning roziligi, agar fuqaro voyaga yetmagan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa, uning qonuniy vakillari roziligi talab etiladi», deb keltirilgan.

Bundan quyidagi hollar mustasno:

  • tasvirdan davlat yoki jamiyat manfaatlari uchun foydalanilganda. Bunga tasvirdan huquqbuzarlikka qarshi kurashish maqsadida, davlat va (yoki) jamiyat xavfsizligiga tahdid soluvchi voqea-hodisalar haqida xabar berishda, tasvirdagi shaxsning jinoyat sodir etganligi yoki bedarak yo‘qolganligi sababli qidiruv e’lon qilishda, shuningdek davlat xizmatchilarining xizmat vazifalarini bajarishi jarayonidagi tasviridan foydalanish hollari kiradi.
  • fuqaro ommaviy tadbirlarda (konsert, bayram sayillari va boshqa) va jamoat joylarida (umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, ta’lim muassasalari, hayvonot bog‘i, istirohat bog‘lari, ko‘chalar va boshqa) tasvirlangan hamda tasvirdan foydalanishdan maqsad faqat ushbu joylardagi umumiy jarayonlarni namoyish etish bo‘lsa;
  • davlat va jamoat arboblari hamda ilm-fan, madaniyat va boshqa sohalar taniqli vakillarining tasviridan jamiyat uchun katta qiziqish uyg‘otadigan axborotni tarqatish maqsadlarida foydalanilganda;
  • fuqaroni tasvirga tushirish va (yoki) uning tasviridan foydalanishdan maqsad ushbu fuqaroning huquqlarini himoya qilish bo‘lsa;
  • fuqaroning haq evaziga tushirilgan tasviridan ushbu tasvirni tushirishdan ko‘zlangan maqsadlarda foydalanilganda.

Fuqaroning tasviridan foydalanish deganda uni tarqatish, qayta ishlash va namoyish etish tushuniladi. Agar vafot etgan fuqaroning farzandlari, eri (xotini) yoki ota-onasi bo‘lsa, ularning roziligisiz ushbu fuqaroning tasviridan foydalanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Fuqaroni tasvirga tushirish va (yoki) uning tasviridan foydalanishga rozilik yozma yoki og‘zaki shaklda yohud boshqa rozilikni yaqqol ko‘rsatuvchi harakatlar orqali bildiriladi.

Fuqaroni tasvirga tushirishga va (yoki) uning tasviridan foydalanishga berilgan rozilik ushbu rozilikni olgan shaxsdan boshqa shaxslarga ushbu tasvirdan foydalanish huquqini bermaydi.

Fuqaroning ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan talablarga rioya qilinmasdan tushirilgan va (yoki) foydalanilgan tasviri saqlanayotgan manbadan (fotoapparat, kamera, mobil telefon va boshqa uskunalar xotirasidan) o‘chirib tashlanishi, fuqaroning tasviri aks ettirilgan moddiy ne’matlarning yo‘q qilinishi va muomaladan chiqarilishi, shuningdek har qanday bosma va elektron ommaviy axborot vositalaridan, Internet tarmog‘idan hamda tashqi reklama va reklama xususiyatiga ega bo‘lgan tarqatma materiallardan olib tashlanishi lozim.

Agar fuqaroni tasvirga tushirgan va (yoki) uning tasviridan foydalangan uchinchi shaxs (lar) tomonidan ushbu moddaning beshinchi qismi talablari ixtiyoriy ravishda bajarilmaganda fuqaro (vafot etgan bo‘lsa — uning farzandlari, eri (xotini) yoki ota-onasi, voyaga yetmagan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa — qonuniy vakillari) bunday talab bilan sudga murojaat qilishga haqli.

Ushbu modda talablariga rioya etilmasligi oqibatida fuqaroga va ushbu fuqaroni tasvirga tushirgan va (yoki) uning tasviridan foydalanuvchi shaxsga yetkazilgan zararlar va ma’naviy ziyonni undirish sud tartibida hal qilinadi.

Avvalroq Adliya vazirligi o‘z maqolasida milliy qonunchilikda fuqarolarning tasvirga olishga bo‘lgan huquqlari daxlsizligi chegaralari aniq belgilanmaganligi haqida ma’lum qilib o‘tgan edi.

Xususan, qonun hujjatlarida fuqarodan ommaviy tadbirlar vaqtida yoki jamoat joylarida uni tasvirga olish va undan foydalanish uchun ruxsat olish yoki undan ruxsat olmaslik talablari to‘g‘risidagi masalalar ko‘zda tutilmagan.

Adliya vazirligi bir qator mamlakatlarda — Argentina, Avstriya, Belgiya, Daniya, Xitoy, AQSH, Isroil, Italiya, Rossiya, Shvetsiya va boshqa mamlakatlarda foto va video suratga olish uchun shaxsning ruxsati talab qilinmaydi, ammo Braziliya, Ispaniya va Shveysariyada bu talab qilinadi.

Loyiha bilan batafsil tanishish, taklif va mulohazalaringizni 8 martga qadar bildirishingiz mumkin.