Turkiyalik mutaxassis O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri maslahatchisi bo‘ladi. Bu haqda sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Tayinlov to‘g‘risidagi kelishuvga prezident Shavkat Mirziyoyevning 19−20 fevral kunlari Anqaraga tashrifi chog‘ida erishilgan.

Maslahatchi mamlakat sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish va raqamlashtirish bo‘yicha ishlaydi, moliyaviy menejment, tibbiy sug‘urta, davlat-xususiy sheriklik va autsorsing masalalari bilan shug‘ullanadi.

Bu Sog‘liqni saqlash vazirligiga chet ellik xodimlar tayinlangan birinchi holat emas. 2018 yil yanvar oyida janubiy koreyalik professor Yun Tek Rim Sog‘liqni saqlash vazirining maslahatchisi bo‘ldi. O‘tgan yilning fevral oyida esa uning hamyurti Li Dong Uk sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari va bosh vazir o‘rinbosarining ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha maslahatchisi lavozimini egallagan edi.