Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida fuqarolar tomonidan to‘langan pul mablag‘larini o‘zlashtirib yuborgan tibbiyot birlashmasining bir guruh mansabdor va moddiy javobgar shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentning Xo‘jaobod tuman bo‘limi tomonidan tuman tibbiyot birlashmasida byudjet mablag‘larini maqsadli sarflanishi yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda birlashmaning pullik xizmat bo‘limi mansabdor va moddiy javobgar shaxslari 2018−2019 yillar davomida pullik xizmat bo‘limiga tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun murojaat qilgan 4905 nafar fuqaro tomonidan to‘langan pul mablag‘larini bo‘lim g‘aznasiga kirim qilmay, jami 281,9 mln so‘m o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingani aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan Xo‘jaobod tuman tibbiyot birlashmasi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.