I.J.O. xususiy bandlik agentligi xususiy bandlik agentligi 2019 yil davomida fuqarolardan 45 mln so‘mdan olib, ularni chet elga yubormagani aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentning Surxondaryo viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, «I.J.O. xususiy bandlik agentligi» MCHJ rahbari Sh. A. va boshqalar Daniya va Shveysariya davlatlariga ishga yuborish vaji bilan 61 kishidan jami 2,6 mlrd so‘mni jamiyatning bank hisob raqamiga o‘tkazish yo‘li bilan olgani aniqlandi.

Bundan tashqari, jamiyatga aloqador shaxslar 2019 yilning iyul oyida Koreya Respublikasiga ishga yuborish vaji bilan 4 nafar fuqaroning 16,5 ming dollari hamda 125 mln so‘m pulini qo‘lga kiritib, o‘zlarining shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib yuborishgan.

Mazkur holat yuzasidan «I.J.O. xususiy bandlik agentligi» MCHJ rahbari Sh. A. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.