O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tartibi to‘g‘risida nizomga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qaror loyihasini muhokamalar uchun e’lon qildi.

Hujjatda davlat maktablarida yagona maktab formasi to‘g‘risidagi nizomda keltirilgan o‘quvchilar kiyimi va tashqi ko‘rinishiga bo‘lgan talablarni joriy etish taklif qilinmoqda.

Jumladan, ta’lim oluvchilarning kiyimiga turli din va konfessiyalar hamda turli submadaniyatlarga mansublikni aks ettiruvchi elementlarni (hijob, kipa, kashaya, xoch va boshqalar) qo‘shishga hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga xos bo‘lgan harbiy va idoraviy formali kiyim-bosh kiyib yurishga yo‘l qo‘ymaslik taklif qilinmoqda.

Ilgari surilayotgan taklifga ko‘ra:

  • o‘g‘il bola ta’lim oluvchilarning tashkilotga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, soqol qo‘ygan, sochi 2−3 santimetrdan uzun bo‘lgan va yorqin ranglarga bo‘yalgan holda kelishlariga;
  • qiz bola ta’lim oluvchilarning tashkilotga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, sochini yorqin ranglarga bo‘yagan, yuzini ko‘zga tashlanadigan darajada makiyaj qilgan, qulog‘iga bittadan ortiq sirg‘a taqqan, barmoqlariga uzuk taqqan, qo‘l tirnoqlarini bo‘yagan va uzun qilib o‘stirgan holda kelishlariga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, ta’lim oluvchilar tomonidan formani kiyishda quyidagi talablarga rioya etilishi lozim:

  • kiyimlarning o‘ta tor yoki o‘ta keng bichimda bo‘lmasligi;
  • qizlar uchun yubkaning uzunligi tizzadan 5 — 15 sm pastda bo‘lishi;
  • o‘g‘il bolalar uchun shimning uzunligi oyoq to‘pig‘idan pastda bo‘lishi;
  • oyoq kiyimlar poshnasining 3 santimetrdan baland bo‘lmasligi;
  • ko‘ylakning eng yuqoridagi faqat bitta tugmasidan tashqari boshqa tugmalarning qadalgan bo‘lishi;
  • kiyimlarning toza va dazmollangan bo‘lishi.

Qaror loyihasida qayd etilishicha, ota-onalar bilan kelishgan holda nodavlat umumta’lim tashkiloti pedagogik kengashining qarori bilan ta’lim oluvchilar uchun yagona forma namunasi tasdiqlanadi. Forma namunasi davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi namunasi bilan aynan bir xil bo‘lishi ham mumkin.

Agarda qaror qabul qilinsa, o‘quvchilarning davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasasiga maktab formasida kelishlari 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab majburiy hisoblansa, xususiy maktablar uchun tavsiyaviy xaraktergan ega bo‘ladi.

Hujjat loyihasi muhokamasi 8 martga qadar davom etadi.